Breaking News

Yangi Zelandiyadagi terror xurujida gumonlangan shaxs sudga keltirildi


Masjidlardagi qatliomni uyushtirishda ayblanayotgan Brenton Tarrant sud zaliga olib kelindi.

Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi ikki masjidda 49 odamning o'limiga sabab bo'lgan terror xurujini amalga oshirishda ayblanayotgan asosiy gumondor ishtirokida dastlabki sud tinglovi bo'lib o'tdi.

Avstraliyalik 28 yoshli Brenton Tarrant ikki hamkori bilan shahardagi ikki masjidga hujum qilib, u yerda ibodat qilayotgan musulmonlarni o'qqa tutganlikda gumon qilinadi. O'zini oq millatchi deb atovchi bu shaxsga nisbatan sudda qotillik aybi qo'yildi.

Qatliomga aloqador yana ikki shaxs hibsga olingan; ularning xurujga qanchalik aloqador ekani o'rganilmoqda.

Yangi Zelandiya Bosh vaziri Jasinda Ardernning aytishicha, agar hujumchi to'xtatib qolinmaganda, u bu xurujni yana davom ettirishi mumkin edi.

Ardern yuz bergan hodisani "favqulodda zo'ravonlik ishi" va "terror xuruji" deb baholadi. Avstraliya Bosh vaziri Skot Morrison xurujni uyushtirgan odamni "ekstremist o'ng qanot zo'ravon terrorchi" deb atadi.

Ardern, shuningdek, Yangi Zelandiyaning qurolga oid qonunlari o'zgartirilishini aytdi.

Brenton Tarrantda beshta qurol bo'lgan; ularning ikkitasi yarim-avtomat. Barcha qurollarni u qonuniy yo'l bilan qo'lga kiritgan.

Voqea Kraystcherch shahrida juma namozi paytida sodir bo’lgan. Xuruj paytida masjidlarda jami 300 ga yaqin musulmon ibodat qilayotgani ma’lum.

Qurbonlarning 41 tasi Al-Nur masjididan, yettitasi esa 10 daqiqa uzoqlikdagi Linvud masjididan. Halok bo'lganlar orasida yosh bolalar va ayollar ham bor.

Jarohatlangan 48 odam orasida ham bolalar borligi aytilmoqda.

Avstraliyaning Sidney shahridagi Lakemba masjidida odamlar yig'ilib, Kraystcherch shahridagi xuruj qurbonlarini xotirlamoqda, Sidney, 2019-yil, 15-mart.
Avstraliyaning Sidney shahridagi Lakemba masjidida odamlar yig'ilib, Kraystcherch shahridagi xuruj qurbonlarini xotirlamoqda, Sidney, 2019-yil, 15-mart.

Hujumchi xurujni "Facebook" orqali jonli namoyish qilgan. U, shuningdek, o'z qarashlari aks etgan 74 sahifali manifesto e'lon qilgan. Unda maqsadi "bosqinchi" muhojirlar va musulmonlarni nishonga olish bo'lgani aytiladi.

Dunyoning hech bir joyi xavfsiz emasligini ko'rsatib qo'yish uchun Yangi Zelandiyani tanladim, deb yozadi u.

Masjidlardagi xurujda halok bo'lganlar Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Indoneziya va Malayziyadan kelgan muhojirlar ekani aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG