Yangi Zelandiyada vulqon otilishi natijasida 9-dekabr kuni besh nafar sayyoh halok bo’ldi. Politsiya voqea yuzasidan jinoiy ish qo’zg’atgan.
Uayt-Aylend orolida otilgan vulqon tahdidi haqida bir necha kundan beri aytilayotgan edi.
“O’lim va jarohat hollariga aybdorlar bormi, shuni aniqlamoqchimiz”, - dedi politsiya komissari o’rinbosari Jon Tims.
Ayni paytda 31 odam kasalxonada. Vulqon otilganida hududda 47 kishi bo’lgan, 23 nafari qutqarilgan. Aksariyati kemada sayohatga chiqib, vulqonni tomosha qilish uchun to’xtagan sayyohlar ekani aytilmoqda.
Yangi Zelandiya Bosh vazirasi Jasinda Ardernning aytishicha, uch kishi kasalxonadan chiqqan, krater uzra havo razvedkasi amalga oshirilib, orolda tirik jon yo’qligi aniqlandi.
Diametri ikki kilometr bo’lgan aylana shaklidagi orolda vulqon harakati 150 ming yildan beri davom etib keladi. Orol aslida 1600 metrlik vulqonning cho’qqisidir. Uayt-Aylend xususiy bo’lib, ko’plab sayyohlar vulqonni tomosha qilish uchun uni ziyorat qilib turadi.
Facebook Forum