AQSh sudlari: Trampning immigratsion cheklovi qonunlarga zid

  • Amerika Ovozi

San-Fransisko

AQSh federal sudlarining hukm chiqarishicha, Prezident Donald Trampning yetti musulmon davlatdan odamlar bu mamlakatga kirishini cheklashi qonunga xilof qarordir. Tramp farmoni ikki hafta oldin chiqqan. O'shanda sudlar unga qarshilik bildirgan, Oq uy esa bu hukmni qoralab, apellyatsiya tartibida yuqori sudlarga murojaat qilgan edi.

San-Fransisko shahridagi yuqori sud 9-fevral kuni o'z hukmini e'lon qildi. Unga ko'ra, Oq uy farmoni amalga oshirilmasligi lozim, chunki hukumat musulmon davlatlardan kelayotgan odamlar xavfsizlikka qanday tahdid solishini isbotlay olmagan. Apellyatsiya sudi nazarida Tramp ma'muriyati bu farmon nimaga asoslanganini ko'rsatib bera olmagan.

Hukmda ta'kidlanishicha, xavfsizlik hamma uchun birdek muhim va demokratik ravishda saylangan prezident uni ta'minlash uchun mas'ul. Biroq bu yo'lda u erkinlikni cheklash, oilalarni bir-biridan ayirish va odamlarni kamsitishga haqli emas.

Adliya vazirligi bu hukm bilan tanishmoqda va keyingi qadamlar ustida o'ylanmoqda.

Prezident Donald Tramp va yangi Adliya vaziri Jeff Seshens, Oq uy
Prezident Donald Tramp va yangi Adliya vaziri Jeff Seshens, Oq uy

Prezident Tramp bu hukmdan g'azabda. Uning "Twitter" orqali aytishicha, Oq uy sudlashishda davom etadi. Uning fikricha, Amerika sudlari siyosatga burun tiqmoqda va ma'muriyat albatta g'olib chiqadi.

Prezidentga javoban esa Vashington shtati gubernatori Jey Insli, demokrat, deydiki, Oq uy adolatga yutqazdi va hukmga bosh egib, farmonning asossiz ekanini tan olishi kerak. Bir necha shtatlar rahbariyati bu borada hamfikr.

Video: Vashington shtati prokurori Bob Ferguson Tramp farmoniga qarshi pozitsiyani tushuntirar ekan, shunday deydi: "Biz qonun ustuvor mamlakatmiz. Har bir qonun har bir fuqaroga tegishli va unga bosh egamiz, jumladan prezident ham".

Federal sudlar o'tgan hafta prezident farmoniga qarshi hukmlar chiqargach, Davlat departamenti Eron, Iroq, Liviya, Somali, Sudan, Suriya va Yamandan kelayotganlar mamlakatga kirishi mumkin deya e'lon qildi.

Oq uy bu borada Oliy sud ruxsatini olishi uchun sakkiz sudyadan besh nafari rozi bo'lishi lozi. Lekin ayni damda ular bu masalada ikki teng tomonga bo'lingan. Bu degani quyi sudlar hukmni kuchda qoladi.

Tramp Eron, Iroq, Liviya, Somali, Sudan, Suriya va Yamandan odamlarni kiritishni 90 kunga cheklashni buyurgan edi. Qochqinlarni esa 120 kun davomida qabul qilmaslikka qaror qilgan edi. Sudlar har ikki qadamni asossiz deb topgan.

Prezident bu qarorlar terrorizmga qarshi kurashdir va davlat xavfsizligini ta'minlash uchun muhim, deydi. Tanqidchilar nazarida esa davlat rahbari musumonlarni kamsitmoqda.

Ko'plab siyosatchilar, xavfsizlik bo'yicha mutaxassislar va arboblar fikricha Tramp cheklovlari davlat va xalq manfaatlari uchun xizmat qilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG