Breaking News

Kelishuvsiz breksitdan kim zarar ko'rishi mumkin?


Ayrim tahlilchilar nazarida, agar Britaniya Yevropa Ittifoqidan kelishuvsiz chiqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyoti zarar ko’rishi mumkin. Xususan, dunyo bo’ylab savdo yo’llari va ta’minot zanjirlari izdan chiqib, bu Yevropa va Britaniyaning o’ziga ham ziyon bo’lishi aytilmoqda.

Breksit Britaniyaning nafaqat Yevropa Ittifoqi bilan savdo aloqalariga, balki ittifoq shartlari va imtiyozlari asosida Britaniya savdo qilayotgan o’nlab boshqa davlatlar bilan aloqalariga ham ta’sir qiladi.

London shu kungacha Markaziy Amerika mamlakatlari, Shveysariya, Janubiy Koreya va yana bir necha mamlakat bilan yangi savdo shartnomalari bo’yicha muzokaralarni yakunladi.

Biroq o’nlab boshqa davlatlar bilan kelishuvlar yo’q. Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqsa, ular bilan Jahon savdo tashkiloti shartlariga ko’ra savdo qilishga o’tadi.

“Ko’plab mamlakatlar Britaniya ittifoqdan chiqqanidan so’ng Yevropa Ittifoqi bilan aloqa qanday bo’lishini bilishni xohlaydi Britaniya bilan yangi savdo bitimini imzolashdan oldin”, - deydi mutaxassis Anand Menon.

Britaniyaga eksport qilayotgan mamlakatlar shartlar oydin bo’lishini xohlaydi. Masalan, Keniyadan yillik umumiy qiymati 400 million dollarga teng gullar, meva va sabzavotlar keladi. Bangladesh esa Britaniyaga salkam 4 milliard dollarlik tovar sotadi. Yevropa Ittifoqi rivojlanayotgan mamlakatlar eksportlariga oz miqdorda tarif qo’ygan, ba’zi mahsulotlarga boj solig’i umuman yo’q. Britaniya ittifoqdan kelishuvsiz chiqsa, savdoda uzilish hosil bo’ladi.

“Bu bilan ayrim mamlakatlarni savdo imtiyozlaridan ayirgan bo’lamiz”, - deydi Xorijdagi taraqqiyot institutidan Maks Mendeks Parra.

Afrika taraqqiyot banki rahbari Akinvumi Adesinaning aytishicha, kelishuvsiz breksit va AQSh-Xitoy savdo urushi Afrika iqtisodiyotiga zarar qilmoqda.

“Ishlab chiqarish keskin kamaydi. Afrikadan xom-ashyo va tayyor mahsulotlarga talab ham. Xitoydan ham talab kamaysa, butun qit’a bo’yicha oqibati yomon bo’ladi”, - deydi Adesina.

Britaniya ayni damda yangi savdo shartnomalarini tuzish bilan ovora. Shu hafta Yangi Zelandiya, Avstraliya, Yaponiyadan vazirlar Londonga qatnamoqda. Ularning Britaniyada katta sarmoya qilgan kompaniyalari kelishuvsiz breksitdan xavotirga tushgan.

Iqtisodiyoti kichikroq bo’lgan mamlakatlar bu o’zgarishlarni sezmasligi ham mumkin.

“Britaniya bilan ko’p savdo qiladigan mamlakatlar asosan xavotir olyapti”, - deydi Mendeks Parra.

Kelishuvsiz breksit Irlandiya, Germaniya, Niderlandiya kabi Yevropa Ittifoqi a’zolariga va eng muhimi, Britaniyaning o’ziga ham ziyon qilishi aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG