Shimoliy Dakota quvuri qurilishi to'xtagani bilan neft qazish davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Dakota shtatida yashovchi hindular hamda ekologlar neft quvurini Siu qabilasiga tegishli rezervatsiya yonida joylashgan ko’l ostidan o’tkazishni man qiluvchi qarordan xursand, biroq yangi prezident ular tarafida bo’lmasligi mumkin. Shtatda ishlab chiqariluvchi neft va gaz avtomobil yo’li va temir yo’l orqali zavodlarga yetkazilmoqda.

Qurilish ishlari bekor bo’lishi bilan bog’liq tantanalar tugagach, chodirli lagerda yashagan faollarning bir qismi uyiga qaytdi, ammo aksariyati qahratonda qolishga qaror qildi.

Lagerni tark etganlar orasida Frederika Xelmayr ham bor. Faollar xushyor, deydi u.

“Kerak bo’lsa, u yerga yana qaytamiz. Loyihaning butkul bekor qilinishini istaymiz”, - deydi Xelmayr.

Shtat poytaxti Bismarkdan 300 kilometr narida esa qazish ishlari davom etmoqda. Neft bahosi tushib ketganiga qaramay, neft va tabiiy gaz ishlab chiqarish hali ham daromadli biznesdir.

Aholisi kam, sayyohlar ko’p bormaydigan bu shtatda neft sanoati ko’plarni boqmoqda, deydi Shimoliy Dakota gubernatori so’zlovchisi.

“Taraqqiyot hammaga foyda. Buning isbotini butun Shimoliy Dakota bo’ylab ko’rish mumkin”, - deydi Jeff Zent.

Neft zaxiralari o’zlashtirila boshlagach, shtat yalpi ichki mahsuloti mamlakatdagi o’rtacha ko’rsatkichdan 29 foizga oshdi. Shimoliy Dakotada energetik boyliklar umuman qazilmasin degan talablar yangramoqda. Shtat hokimiyati bundan norozi.

“Shunday guruhlar borki, ular tuppa-tuzuk loyihalarga ham yo’q deydi. Axir bu proyekt yonilg’ini eng xavfsiz ravishda manzilga yetkazadi. Bu da’vatlardan tashvishdamiz”, - deydi shtat rasmiysi.

Jeff Zentning aytishicha, Shimoliy Dakota ahlining aksariyati neft, gaz, ko’mir va muqobil energetika sanoati rivojini qo’llab-quvvatlaydi.

Bu yerning odamlari tabiatparvar, atrof-muhitga g’amho’rlik qiladi, biroq hozirgi tortishuv muloqotga zarar, deydi rasmiy.

“Hukumat jamiyat va tabiatga zarar bo’lmasligi uchun ko’plab pul sarflamoqda. Muammoni hal qilmasak, yanada ko’p pulga tushamiz”, - deydi Zent.

AQSh Armiyasi muhandislar korpusi quvur loyihasini qayta ko’rib chiqmoqda. Hisobot va xulosa bir necha oydan keyin ma’lum bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG