Breaking News

Shimoliy Koreya yashirayotgan raketa bazalaridan biri oshkor etildi


Sino-ri raketa bazasi

Oq uy Prezident Trampning Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan ikkinchi uchrashuvini uyushtirish bilan ovora bir paytda Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi Shimoliy Koreyaning shu kungacha ma’lum bo’lmagan ballistik raketa bazasi topilgani haqida ma’lum qildi.

Markazga ko’ra, Sino-ri bazasi Janubiy Koreya bilan mavjud noharbiy zonadan 200 kilometr narida bo’lib, Shimoliy Koreya raketa qo’shinlarining bosh qarorgohi shu yerda joylashgan va bu yerdagi raketalar Janubiy Koreya, Yaponiya hamda AQShning Guam orolidagi strategik harbiy bazasiga qaratilgan bo’lishi mumkin.

Pxenyan shu kungacha 20 ta raketa bazasi haqida ma’lumot bermagan, Sino-ri shulardan biri.

Tramp va Kim kelasi oy oxirida Vyetnamda ko’rishishi mumkin. Ikki rahbar o’tgan yil iyunida Singapurda ilk bor muloqot qilgan edi. Mutaxassislarga ko’ra, birinchi uchrashuvda aniq kelishuvlar bo’lmagan, biroq bu gal tomonlar Shimoliy Koreya yadro dasturini cheklash xususida jiddiy gaplashishi kerak.

Vashington Pxenyandan yadro qurollari va ballistik raketalarni yaratish va sinashni bas qilishni talab qilmoqda, Shimoliy Koreya esa AQSh avval iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilsin, demoqda.

Vashingtonlik tahlilchi Liza Kollinsning aytishicha, AQSh Shimoliy Koreyadan barcha yadro poligonlari, yadroviy yoqilg’i ishlab chiqaruvchi inshootlari, atom qurollari joylashgan bazalari ro’yxatini olishi kerak.

Biroq Pxenyan sinchkov nazoratga qarshi. Uning xavotiriga ko’ra, agar mamlakat yadro qurollarisiz qolsa, AQSh unga hujum qilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG