Hafta boshida Parijda yong’indan zarar ko’rgan Notr-Dam de Pari yoki Bibi Maryam soborining qulagan shpilini qaytadan qurish uchun Fransiya Bosh vaziri Eduar Filipp ochiq tanlov e’lon qildi. Dunyo bo’ylab me’morlar o’z loyihalarini yuborishi mumkin bo’ladi.
Mutaxassislar yong’indan ko’rilgan zarar qiymati va hodisa sabablarini aniqlashga urinmoqda.
Prezident Emmanuel Makron xalqqa murojaat qilib, ibodatxonaning vayron bo’lgan va zarar ko’rgan joylarini tiklashga so’z berdi.
“Biz bunyodkor xalqmiz. Oldinda katta tiklanish ishlari bor. Soborni tiklab, yanada go’zal qilamiz. Bu ishni besh yilda qilamiz”, - dedi u.
Shu kungacha tiklanish ishlari uchun dunyo bo’ylab bir milliard dollar to’plandi. Pulning bir qismi vayron bo’lgan shpilni yangidan qurishga sarflanadi.
“Dunyodagi barcha me’morlar tanlovda qatnashishi mumkin. 19-asrgacha soborda shpil bo’lmagan edi. Yangi shpil eskisiga o’xshab quriladimi yoki yangicha ko’rinishda, zamonamiz qiyinchiliklarini inobatga olib, yangi texnologiyalar asosida tushiriladimi? Hozircha bilmaymiz. Tanlov shuni aniqlab beradi”, - deydi Bosh vazir Filipp.
Soborning shpili va tomi qulaganiga qaramay, devorlari, minorasidagi afsonaviy qo’ng’iroqlari, derazalaridagi aylana shaklidagi vitrajli oynalar omon qolgan.
Makron tiklanish ishlariga besh yil ajratayotgan bo’lsa-da, taniqli restavratorlar bunga o’n yillab vaqt ketishi mumkinligini aytmoqda.
Notr-Dam soboridagi olovni o’chirishga to’qqiz soat vaqt ketdi. Ibodatxonaning asosiy organi va yana ba’zi jihozlar zarar ko’rgan. Ular hozircha Luvr muzeyiga ko’chiriladi.
Facebook Forum