Breaking News

Milliy xavfsizlik agentligi ayrim amaliyotlardan voz kechmaydi


Ko’plab maxfiy dasturlari fosh bo’lgan AQSh Milliy xavfsizlik agentligida islohotlar boshlangan. Prezident Barak Obamaning aytishicha, ittifoqchi davlatlar va ularning rahbarlarini asossiz kuzatishga chek qo’yiladi.
AQSh razvedkasi ayrim amaliyotlardan voz kechmaydi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:40 0:00
Yuklab oling

Fuqarolarning telefon muloqotini eshitish uchun ham maxsus ruxsatnoma kerak. Ammo shunday amaliyotlar borki, ulardan hech qachon voz kechilmaydi.

“Nyu-York Tayms” nashri AQSh Milliy xavfsizlik agentligining ish usullari haqida katta bir maqola chop etdi. Dunyo bo’ylab 100 ming kompyuterga maxsus chiplar o’rnatilgan, deyiladi unda.

Agentlik bu maxfiy texnologiya orqali kompyuterdagi ma’lumotlarni o’zgartirish va ko’chirib olishga qodir. Kompyuter hatto internetga ulangan bo’lishi ham shart emas.

Razvedka idorasining bugungi salohiyati o’tmishdagidan osmoncha farq qiladi, deydi Jeyms Endryu Luis, kiber-xavfsizlik bo’yicha ekspert.

“15 yilcha oldin Milliy xavfsizlik agentligi bir muammoga duch kelib, ma’lumot yig’ish uslubini tubdan o’zgartirgan. Eski telekommunikatsion yondashuvdan voz kechilib, butun e’tiborni internetga qaratdi”.

Internet, deydi u, hech qachon xavfsiz bo’lmagan.

“Global tarmoq himoyasiz ekanidan foydalanuvchi programmalar yaratilgan. Internet hali bizning hayotimiz davomida xavfsiz bo’lmaydi. Shuning uchun ko’plab davlatlar, jumladan AQSh, eng muhim, strategik obyektlarini internetga ulamaslikka qaror qilgan”.

AQSh Milliy xavfsizlik agentligi, deydi Jeyms Luis, tarmoqdan uzib qo’yilgan sistemalarni buzib kirish uchun aql bovar qilmaydigan murakkab uslublarni qo’llaydi:

“Klaviaturada matn terayotganingizda deyarli sezilmaydigan elektronik signal tarqaladi. O’sha signalni tutish mumkin. AQSh, Rossiya, boshqa davlatlar ham qila oladi buni”.

“Rossiya razvedkasi, masalan, AQShning Moskvadagi elchixonasi oynalaridan radiatsiya yiqqan. Klaviaturadan chiqadigan radiatsiyani”.

“Uy kalitini tosh tagida yashirishni hamma eshitgan, biladi. Razvedka idoralari qalbaki toshlardan o’nlab yillardan beri foydalanadi. Deylik, suhbatlarni yoki klaviatura tovushini masofadan ilg’aydigan kuchli, kichik hajmli datchik yaratdingiz. Uni toshning ichiga joylashtirasiz va, masalan, Eronning yadroviy inshooti hovlisiga uloqtirsangiz bas. Hamma gapni bilib olasiz”.

Ekspertga ko’ra, bu kabi josuslik o’yinlari bir asrlik tarixga ega. Bunday qurilmalardan foydalayotgan faqat AQSh emas.

“Ovozlar xufyona yozib olinayotgani ayon bo’lgach, hozir hukumatlar barcha kommunikatsiyani shifrlashga o’tgan. O’ziga xos poyga boshlangan: Shifrni buzib bo’ladimi yoki aksincha uni kuchaytirish uchun nima qilish kerak? Bir asrdan buyon ketayapti bu o’yin. Amerika uchun ham, boshqa yirik davlatlar uchun ham razvedka o’ta muhim soha. Signal to’plash, josuslik amaliyotlari hech qachon to’xtamaydi. Hamma qiladi bu ishni”, - deydi u.

Texnologiyalar tobora yuksalayotgan bir paytda, mutaxasisslar bu sohada raqobat yanada kuchayishini bashorat qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG