Breaking News

Yadro chiqindilarini qayerda va qanday saqlash dolzarb muammo


[조선태권도 시범단] 미국 순회공연
[조선태권도 시범단] 미국 순회공연

Atom elektr stansiyalari elektr quvvati ishlab chiqaradi. Inshoot xavfsizlik jihatdan puxta bo'lmasa, biror fojia ro'y berib, radiatsiya tarqalishi mumkin. Ishlatilgan uran axlatga tashlansa-da, minglab, hatto millionlab yillar davomida inson salomatligi uchun xavfli radioaktiv xususiyatini yo'qotmaydi. Chiqindilarni qayerda va qanday sharoitda saqlash uzoq yillardan beri munozaraga sabab mavzu.

11-mart kuni Yaponiyada ro'y bergan zilzila va sunami poytaxt Tokiodan 250 kilometr narida joylashgan Fukushima-Daichi atom elektr stansiyasini ishdan chiqarib, yadro reaktorlarining jamoat xavfsizligiga tahdidini namoyon qildi. Ishlatilgan radioaktiv yoqilg'ini qayerda saqlash masalasi ham so'nggi kunlarda qizg'in muhokamada. So'nggi 60 yilda dunyoda 400 ga yaqin atom elektr stansiyalari qurilgan. Hech birida yadro axlatni saqlovchi doimiy, uzoq-muddatli ombor yo'q.

Linda Gyunter Vashingtonda joylashgan atrof-muhit muhofazasi bilan shug'ullanuvchi tashkilot mutaxassisi.

Uning aytishicha, yadroviy chiqindilar muammosiga haligacha yechim topilmagan.

"Topilmaydi ham degan fikrdaman. Bu yadro sanoatining eng dolzarb muammosi", - deydi u.

Yadroviy chiqindilar odatda reaktordan uzoq bo'lmagan joyda saqlanadi. Suv bilan to'ldirilgan, betondan qilingan chuqur havzalarda yoki po'latdan ishlangan sementli bochkalarda.

"Fukushima zavodini oladigan bo'lsak, reaktori AQShda ishlangan, deydi Linda Gyunter. Amerikada 23 ta shunday reaktor bor. Chiqindixonasi bino tomida joylashgan, xuruj uchun judayam qulay joyda. Biror fojia ro'y bergudek bo'lsa, hammasi tashqariga to'kiladi. Bu esa juda, judayam ko'p radioaktiv modda degani", - deydi ekspert.

Yadro energiyasi sohasi mutaxassislarining aytishicha, yadroviy chiqindilarni zavodda saqlash xavfi bo'rttirilgan.

AQSh Yadro energiyasi instituti direktori Edrian Xeymerning aytishicha, stansiyada saqlanayotgan chiqindilarni yana 100 yilcha ushlab tursa bo'ladi.

"Bu xavf tug'dirmaydi - xoh havzalarda bo'lsin, xoh bochkalarda. Bu Atom nazorati komissiyasi xulosasi".

Kaliforniya shtati janubida joylashgan San-Onofre atom elektr stansiyasidagi yadro chiqindilarini saqlovchi konteynerni misol qilib olamiz. Reaktorga juda yaqin joylashgan. Qalin sement qobig'i ichida katta miqdorda radioaktiv axlat bor. Bu so'nggi 60 yilda AQSh atom zavodlaridan chiqqan jami 70 ming tonna yadro chiqindisining oz qismi xolos.

Edrian Xeymerning aytishicha, Fukushima stansiyasida uran chiqindisidan katta miqdorda radiatsiya tarqalgach, Qo'shma Shtatlarda 104 ta ishlayotgan reaktordan 67 tasida chiqindilarni suv havzasidan avval quruq omborga, so'ng zavoddan tashqariga, bir joyda to'plash rejasi muhokamada.

"Yaponiyadagi voqealarni inobatga olib, rejani tezroq amalga oshirish, chiqindilarni xavfsizroq joyga ko'chirish zarur, toki ular mamlakat bo'ylab 67 xil joyda saqlanmasin", - deydi AQSh Yadro energiyasi instituti rahbari.

2002-yilda Qo'shma Shtatlar chiqindilarni doimiy saqlash muammosiga yechim topganday bo'ldi. Kongress "Yukka tog'i" deb nomlanuvchi loyihani tasdiqlagan edi. Unga muvofiq, Nevada shtatida, Las-Vegasdan 160 kilometr narida yadroviy chiqindilarni saqlovchi yerosti omborini qurish rejalangan edi. Biroq radioaktiv materiallarni Yukka tog'iga yetkazish o'ta xavfli edi. Natijada, yerosti inshooti qurilishiga milliardlab dollar sarflangach, prezident Obama 2009-yil boshida loyihani to'xtatishni buyurdi.

"Yukka tog'i" loyihasining kelajagi mavhumligicha qolmoqda.

Yadro energiyasi instituti direktori Edrian Xeymerning aytishicha, loyihani jonlantirish lozim. Uni yopishga qaratilgan harakatlar ortida texnik emas, siyosiy sabablar mavjud, deydi u.
Bu kabi yirik va doimiy omborlar yaratilmaguncha, dunyodagi 400 ta yadro reaktoridan chiqqan chiqindini inshootga yaqin joyda saqlashga to'g'ri keladi. Atrof-muhit muhofazasi bilan shug'ullanuvchi Worldwatch Institute tashkiloti prezidenti Kris Flavinning aytishicha, chiqindilarni saqlash masalasi yadro sanoati uchun katta muammo.

"Yaponlar Fukushima stansiyasidagi reaktorda ishlangan yoqilg'ini o'sha joyning o'zida saqlagani, so'ng falokat yuz berib, ahvol yanada keskinlashgani uzoq muddatda bu sanoat vakillari pozitsiyasini zaiflashtirdi", - deydi Flavin.

Atom elektr stansiyasi o'rtacha 40 yil faoliyat ko'rsatadi. AQSh Yadro energiyasi institutiga ko'ra, Amerikadagi 104 ta zavodning 61 tasi nazoratdan o'tib, litsenziyasi yana 20 yilga uzaytirilishi mumkin. Jamoatchilikda esa kelajakda yadro chiqindisini saqlash muammoasining hal etilishiga umid qilishdan boshqa iloj yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG