Breaking News

Namoyishchilar Nyu-York shahar politsiyasi byudjetini kesishni talab qilmoqda


Yuzlab namoyishchilar Nyu-York shahar hokimiyatida o’rnashib olib, politsiya boshqarmasi byudjetini kesishni talab qilmoqda.

“Ancha oldin bir politsiyachi ikki inimdan biriga ikki o’q uzgan edi. O’shandan beri politsiyachilarni yoqtirmayman”, - deydi Valdemar Santo ismli namoyishchilardan biri.

Nyu-York shahar politsiya boshqarmasining yillik byudjeti olti milliard dollardan oshiq bo’lib, namoyishchilar shu pulning kamida bir milliardini ijtimoiy xizmatlarga sarflashni talab qilmoqda.

“Politsiya byudjetining bir qismini yoshlar tashabbuslari va ijtimoiy xizmatlarga sarflaymiz”, - deydi shahar meri Bill De Blazio.

Ayrim politsiyachilarning ogohlantirishicha, byudjet kesilsa, shaharda jinoyatchilik, xususan avj olayotgan qotillik ko’payishi mumkin.

Shahar kengashi a’zosi Ritchi Torresning aytishicha, byudjetni kesishdan maqsad xavfsizlikni kamaytirish emas, balki mahallalarda politsiyaga qo’shimcha himoya vositalarini yaratish.

“Har bir muammoni politsiyaga qo’ng’iroq bilan hal qilishga qaratilgan odatdan voz kechishimiz kerak”, - deydi u.

Byudjet qisqartirilsa, 1100 dan ortiq qo’shimcha politsiyachini yollash rejasi muzlatilib, maktablarga biriktirilgan politsiyachilar boshqa joyga ko’chirilishi mumkin.

“Byudjet kesilganidan keyin ham ahvol oldingiday bo’lsa, ajablanmayman, chunki yuqoridagilar o’z joyida o’tiribdi, o’zgarish bo’lmaydi”, - deydi namoyishchi Abraham Bautista.

Agar namoyishchilar talabi qondirilmasa, ular hokimiyat binosida qolib, namoyishlarni davom ettirishini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG