Breaking News

Obama Keniyada ishbilarmonlar bilan uchrashadi


Obamaning Afrika safaridan ko'zlayotgan asosiy maqsadlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:31 0:00

Prezident Barak Obama mamlakat rahbari sifatida to'rtinchi bor Afrikaga safar qilmoqda. U ota vatani Keniyada ishbilarmonlar sammitida qatnashadi va Efiopiyada Afrika Ittifoqi yetakchilari bilan uchrashadi. Prezident bilan mintaqaga safar qilayotgan AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Linda Tomas Grinfild muhokama qilinishi kutilayotgan asosiy mavzular haqida gapirib berdi.

"AQSh prezidenti va iftixorga to'la bir amerikalik, shu bilan birga, Afrika farzandi oldingizda turibdi", - degan edi Obama o'tgan yili Vashingtondagi AQSh-Afrika sammitida.

O'sha yig'inda bergan va'dasiga muvofiq, Amerika rahbari Afrikaga yana safar qilmoqda. U Efiopiya poytaxti Addis-Abebaga borishdan oldin 25 va 26-iyul kunlari Keniya poytaxti Nayrobida tadbirkorlar anjumanida qatnashadi.

"Prezident Addis-Abebaga bormasligi kerak, deydiganlar bor. Nima uchun?" - deya so'raymiz AQSh rasmiysidan.

"Efiopiya hukumati va xalqiga ularning terrorizmga qarshi kurashini qo'llab-quvvatlashimizni aytish uchun muhim imkoniyat bu. Shuningdek, inson huquqlari, matbuot erkinligi hamda inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha hukumatni to'g'ri yo'lga boshlash masalasida prezident o'z so’zini yetkazish imkoniyatiga ega bo'ladi", - deydi AQSh Davlat kotibining Afrika masalalari bo'yicha muovini Linda Tomas Grinfild.

Obamaning tashrifi Janubiy Sudanda Prezident Salva Kirga sodiq kuchlar va muxolifat yetakchisi Riek Mashar o'rtasida qonli to'qnashuvlar davom etayotgan bir paytga to'g'ri kelmoqda.

"Yechim tinchlik, lekin hech bir tomon shu yo'ldan yurish uchun o'z maqsadlaridan voz kechishni istamayapti", - deydi AQSh mulozimi.

Grinfild Burundidagi vaziyatga ham to'xtaldi. Uning aytishicha, Prezident Pier Nkurunzizaning uchinchi bor hokimiyatda qolishga urinayotgani, qolaversa, Ruandada prezident Pol Kagame ham shu yo'ldan borayotgani AQShni tashvishlantiradi.

“Biz konstitutsiyani o’zgartirib, hokimiyatdagi prezidentga foyda keltiradigan va mamlakatni o’ylamaydigan hukumatlarni qo’llamasligimizni doim aytib kelamiz", - deydi Grinfild.

Tashrifdan ko’zlangan asosiy maqsad Amerikaning qit’aga befarq emasligini hamda Vashington bu yerda demokratik boshqaruvni kuchaytirishdan manfaatdor ekanini yana bir bor eslatish, deydi davlat kotibi o’rinbosari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG