Obama Jon Kennedi nomidagi “Matonat” mukofotiga sazovor bo’ldi

  • Amerika Ovozi

AQSh sobiq Prezidenti Barak Obama Boston shahrida Jon Kennedi nomidagi “Matonat” mukofotiga sazovor bo’ldi. Amerikaning ilk qora tanli rahbariga ko’ra, Kongress a’zolari haqiqatni gapirishni o’rganishi kerak, garchi bu haqiqat partiyasi siyosatiga zid bo’lsa-da.

Obama Kongressdagi demokrat safdoshlarini 2010-yilda “Obamakeyr” tibbiy sug’urta dasturiga ovoz berganini shijoat deb atab, ularni olqishladi. Ammo aksariyati so’nggi saylovda qayta saylana olmadi. Bir necha kun oldin respublikachilar tashabbusi bilan Vakillar palatasida dasturni bekor qiluvchi qonun loyihasi qabul qilindi.

"Kongressdagi ayrim qonunchilarga qudratli fuqarolarga yordam berish uchun ko’p shijoat talab qilmasligini eslatishim mumkin, ammo muhtojlar, yo’qsillar, kasalmandlar manfaatlari uchun kurashishga matonat kerak”, - deydi Obama.

“Obamakeyr”ni bekor qilishda asosiy rolni Prezident Donald Tramp o’ynayotgan bo’lsa-da, Obama o’z nutqida uning ismini tilga olmadi.

Unga topshirilgan mukofot 35-prezident Jon Kennedi ismi bilan yuritiladi. Bungacha unga sobiq prezidentlar to’ng’ich Jorj Bush va Jerald Ford, BMT sobiq bosh kotibi Kofi Annan va Ukraina sobiq rahbari Viktor Yushchenko sazovor bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG