Breaking News

Vashington: Murosa vaqtinchalik


مشتریان جعبه‌های کفش را روی سر می برند – شعبه اصلی فروشگاه میسیز در نیویورک، ۶ آذر
مشتریان جعبه‌های کفش را روی سر می برند – شعبه اصلی فروشگاه میسیز در نیویورک، ۶ آذر
Byudjet tasdiqlanmagani uchun 16 kun yopiq turgan Amerika hukumati keskin tortishuv va bir amallab erishilgan murosa ketidan qayta ochildi. Kongress davlat xarajatlari va qarzi yuzasidan kelishmovchiliklarni hamon hal etmagan, ammo hozircha mablag' ajratildi.

Respublikachilar hukmron Vakillar Palatasi qonun loyihasiga so’nggi daqiqada ovoz berdi. Hujjatni 285 qonunchi ma’qulladi, qarshilar – 144. Ikki haftadan ziyod davom etgan krizis o’jarlik va murosasizlik mahsuli bo’ldi. Vakillar Palatasi sog’liqni saqlash islohotiga doir qonunni moliyadan ayirish yoki kechiktirishni talab qilib, byudjet loyihasini ovozga qo’yishdan bosh tortdi.

Prezident Obama va uning demokrat safdoshlari, o’z navbatida, hukumatni qayta ochmasangiz muzokara qilmaymiz deb oyoq tiradi.

Palatada demokratlar sardori Nensi Pelosi bu mashmashaning iqtisodiyotga ta’siri haqida shunday deydi:

"AQShning kredit reytingi yana pasayishi mumkin. Iqtisodiy o’sish sekinlashdi. Investorlar va xalqning hukumatga bo’lgan ishonchi chilparchin bo’ldi. Ziyon miqdori - 24 milliard dollar. Ayting, deydi Pelosi muxolifatga murojaat qilib, sizning bemulohaza harakatingiz shuncha pulga arzirmidi?"

Murosa haqidagi hujjat Senatda ishlab chiqilgan va 81 ovoz bilan ma’qullandi. Respublikachi senator Ted Kruz, o’ta konservativ choychilar harakati yulduzi, sog’liqni saqlash tizimi islohotini yo’q qilishga bel bog’lagan qonunchilardan.

"Demokratlarga yon berib, katta xato qildik. Bu kelishuv xalqning hukumatga bo’lgan nafrati oshishiga xizmat qiladi, deydi Kruz. Muammolarni chetga surib qo’ydik, xolos. Qarz, kamomad, xarajat yana oshaveradi. Prezident olg’a surgan tibbiy sug’urta millionlarni xonavayron vayron qiladi", - deydi senator.

Mamlakatni krizisdan krizisga yetaklashni bas qiling, deya undamoqda prezident Obama.

"Umid qilamanki, bu mashmasha barchaga saboq bo’ldi. Qo’rqitish, do’q qilish bilan hech narsaga erishmaymiz. Partiyalar kelisha olmasa-da, kimga xizmat qilayotganini unutmasin. Mafkura deb mamlakatni jar yoqasiga olib borish yaramas ish", - deydi prezident.

Respublikachi va demokratlar davlat xazinasi bo’shay deb qolganda va dunyo kapital bozorini vahima bosgan bir paytda kelishuvga erishdi.

Yangi qonun 15-yanvargacha hukumatni mablag’ bilan ta'minlaydi. Mamlakatning qarz olishiga qo’yilgan cheklov 7-fevralgacha ko'tariladigan bo'ldi. Demak, muzokarani davom ettirish uchun 2-3 oy vaqt bor.

Qarz shifti ko’tarilmaganda edi, Amerika defoltga uchragan, ya'ni moliyaviy majburiyatlarni bajara olmagan va bu nafaqat AQSh balki global tizimni qaqshatgan bo'lar edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG