Breaking News

Obama xususiy sektordan vatanda biznes qilishni so'ramoqda


Prezident Barak Obama ish o'rinlari yaratish bo'yicha takliflarini tushuntirmoqda
Prezident Barak Obama ish o'rinlari yaratish bo'yicha takliflarini tushuntirmoqda

Prezident Barak Obama Oq Uyda biznes forum o'tkazib, yirik tadbirkorlarni Amerikada ish o'rinlarini saqlab qolishga da'vat etmoqda.

Xorijda, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda biznes qilish AQSh kompaniyalariga arzonroqqa tushadi, chunki ish kuchi arzon.

Hukumat ulardan vatanda biznes qilishni so'ramoqda. Buni quvvatlash uchun qator yangi imtiyozlar taklif qilinadi.

Obama ma'muriyati iqtisodiy tanazzul natijasida salkam 10 foizga chiqqan ishsizlikka barham berishga harakat qilmoqda. Dekabr oyida 200 ming odam ish bilan ta'minlandi.

Mehnat vazirligi hisobotiga ko'ra, ishsizlik ayni damda 8,5 foizga teng.

Ish o'rinlarining barchasi xususiy sektorda yaratilgan. Jumladan, transport, chakana savdo, ishlab chiqarish va sog'liqni saqlash sohalarida. Ammo shtat va mahalliy davlat idoralarida ish o'rinlari qisqarib, dekabrda 12 ming davlat xizmatchisi ishsiz qoldi.

Noyabrga belgilangan saylovlardan oldin ahvol yaxshilana borsa, Obamada qayta saylanishga yaxshi imkoniyat bo'ladi. Prezident mamlakat taraqqiyotida o'rta sinf muhim rol o'ynaydi, deydi.

Biroq prezident saylovlarida nomzod bo'lish uchun o'z partiyasi ichida kurash olib borayotgan respublikachi arboblar nazarida ishsizlik - hozirgi ma'muriyat siyosatining mahsuli.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha esa tanazzul global bo'lib, yolg'iz bir davlat siyosatidan kelib chiqmagan. Yevropa Ittifoqi davlatlari ham qarz muammosi bilan yuzlashgan. Xalqaro valyuta jamg'armasi bashoratiga ko'ra, joriy yilda jahonda iqtisodiy o'sish sekinlashadi.

O'tgan yil sentabrida jamg'arma 2012-yilda to'rt foiz o'sish bo'ladi, deb bashorat qilgan edi, ammo tashkilot rahbari Kristin Lagardning aytishicha, so'nggi raqamlar bundan pastroq. Joriy yil sabr-qanoatli bo'lishga to'g'ri keladi, deydi Lagard.

"2012-yil, ayniqsa, Janubiy Afrika va o'rta hol hisoblangan qator davlatlar uchun oson kechmaydi. Shunga tayyor turish kerak. Bo'shashmasdan, muammolarga yechim izlashda davom etish kerak", - deydi Xalqaro valyuta jamg'armasi raisi.

Ammo Lagard nazarida ko'p narsa Yevropaga bog'liq bo'ladi. Agar qit'a davlatlari qarz muammosidan qutula olmasa, rivojlangan mamlakatlarga qiyin bo'ladi.

"Yevropadagi ayrim mamlakatlarda tanazzul, desak mubolag'a bo'lmaydi. Ammo bu bilan yevro pul birligida ish qiluvchi davlatlar yoki Yevropani yoppasiga krizisda deyish to'g'ri emas", - deydi Lagard.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG