Breaking News

AQSh Misrda xunrezlikni to’xtatish uchun nima qila oladi?


Prezident Obama maslahatchilari bilan, Oq uyda
Prezident Obama maslahatchilari bilan, Oq uyda
Misr armiyasi prezident Muhammad Mursiyning tarafdorlari uyushtirgan namoyishlarni bostirishi oqibatida ko’p qon to’kildi.
AQSh Misrda xunrezlikni to’xtatish uchun nima qila oladi?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:20 0:00
Yuklab oling

Misrning eng yaqin harbiy ittifoqchisi bo’lmish Qo’shma Shtatlar bunga qanday javob beradi? Barak Obama bu o’lkadagi voqealarga nisbatan qanday pozitsiyada?

Prezident Obama Misr muvaqqat hukumati bilan aloqalar qayta ko’rib chiqilayotganini e’lon qildi.

“Qohira bilan munosabatlarni qadrlasak-da, ko’chalarda odamlar halok bo’layotgan va ularning huquqlari toptalayotgan bir paytda an’anaviy hamkorlik davom eta olmaydi”.

Prezident Muhammad Mursiyning hokimiyatdan ag’darilishini Oq uy shu kungacha “to’ntarish” deya ta’riflamagan. Obama shunday bayonot berganida edi, Misrga milliard dollarlik madad darhol uzilgan bo’lardi.

Aksincha, AQSh Misr harbiy yetakchilari bilan aloqani va ta’sir kuchini saqlab qolishga harakat qilayapti. Amerika musulmonlari, jumladan Mahdi Bray, Obamaning bu qaroridan norozi.

“Amerika musulmonlari ittifoqi shuni bildiradiki, AQSh Misrdagi voqealarni to’ntarish deb tan olmaguncha kampaniyamizni davom ettiramiz. Bu mamlakatga moliyaviy yordam darhol to’xtatilishi zarur”, - deydi u.

Ammo Obama Misr bilan qo’shma harbiy mashqlarni bekor qildi, xolos.

Kelasi oyga belgilangan qo’shma harbiy mashg’ulotlar o’tkazilmaydi. Misr hukumati bu haqda xabardor qilingan.

Vashingtondagi Rafiq Haririy tadqiqot markazi olimi Tariq Radvon Obama qarorini ijobiy baholaydi. Lekin, deydi u, AQShning Misr qurolli kuchlariga ta’sir o’tkazish salohiyati pasayib bormoqda.

“Misr bilan hamkorligimiz necha yillardan buyon shu qadar tor va cheklanganki, AQSh ularga so’zini o’tkazishi juda qiyin. Ta’sir vositalari deyarli yo’q desa ham bo’ladi. Oq uy oldidagi yagona imkoniyat – harbiy ko’makni vaqtincha bekor qilish”, - deb mulohaza yuritadi ekspert.

Misr qurolli kuchlari rahbari general Abdul Fattoh al-Sissiy AQSh yordamidan voz kechishga ham tayyor ko’rinadi, deydi Yaqin Sharq institutidan Daniel Server. Chunki qo’shni mamlakatlardan Misrga katta hajmda yordam kelib turibdi.

“General namoyishlarni bostirishidan oldin hisob-kitobini qilgan bo’lsa kerak, AQSh madadni uzishi mumkin deb. “Musulmon Birodarlar”ni yengish harbiylar uchun bosh maqsad. Demak, ular nazarida ko’makdan voz kechishga arziydi”, - deydi olim.

Tariq Radvon fikricha, harbiy yordamni uzish muayyan natija berishi mumkin, chunki Misr harbiylari Vashington bilan aloqani saqlab qolishdan manfaatdor.

“Yordam deganda faqat moliya-mablag’ nazarda tutilmaydi. Kengroq ma’noda Amerika hukumati bilan do’stona aloqalar nishonasi bu. Moliya uzilsa, yakkalanish hissi paydo bo’ladi. Hatto Misr harbiylari ham buni istamagan bo’lardi”, - deydi tadqiqotchi.

Misrda siyosiy inqiroz chuqurlashgan sari AQSh qarorlari ham o’zgarib borishini kutsa bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG