Breaking News

Obamaning immigratsiya haqidagi farmoniga qarshi da'vo Oliy sudda ko'riladi


Prezident Barak Obamaning to'rt milliondan ziyod noqonuniy immigrant deportatsiyasini qoldirib, ularga AQShda ishlashga ruxsat berishni ko'zda tutuvchi qaroriga qarshi da'vo Oliy sudda ko'riladi. Prezident farmoniga ko'ra, Amerikada tug'ilgan, doimiy yashash maqomini olgan bolalarning hujjatsiz ota-onalari deportatsiya qilinmaydi.

Oliy sud oldidagi namoyish paytida muhojirlar "Bu yer sen va men uchun" degan qo'shiqni kuylamoqda. Shunday bo'lishi uchun, deydi tashkilotchilar, Oliy sud Prezident Obama farmonini tasdiqlab qaror chiqarishi kerak.

Oliy sudyalar Obama to'rt milliondan ziyod hujjatsiz immigrantni deportatsiyadan qutqarib ishlashga imkon berishda vakolatini suiiste'mol qilganmi, yo'qmi, o'rganib xulosa chiqaradi. Quyi sudlar prezident farmonini noqonuniy deb topganidan so'ng Oq uy ma'muriyati Oliy sudga shikoyat qildi.

Uch yashar Kevin Amerikada tug'ilgani uchun fuqarolikni olgan. Uning onasi Brenda Barriosning esa hujjati yo'q.

“Men ham insonman. Bu yerda bo'lishga haqliman”, - deydi ona.

Biroq sud qarorini insoniylikka qarab chiqarmaydi. Prezident Konstitutsiyaga zid ish tutdimi? Immigratsiya masalalari markazi xodimi Mark Krikorian "ha" deb javob beradi.

"Prezident millionlab noqonuniy muhojirlarga ishga ruxsatnoma, haydovchilik guvohnomasi, ijtimoiy himoya raqamlarini berib, yangi siyosat qabul qilmoqda. Biroq siyosatni o'zgartirishga vakolat yolg'iz Kongressga berilgan",- deydi tahlilchi.

Oq uy bu fikrga qo'shilmaydi.

"Yaqin o'tmishda mamlakatni boshqargan prezidentlarning siyosatini o'rganish jarayonida oldin ham shunday siyosat yuritilganiga amin bo'ldik", - deydi Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest.

Bu o'rtada esa muhojirlar bilan shug'ullanuvchi nodavlat tashkilotlar ularni prezident farmoni bilan tanishtirib, Amerikada qolishlari uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam bermoqda. Shunday tashkilot rahbari Abel Nunyesning aytishicha, bu faqat tekshuruvdan o'tgan muhojirlarga taalluqli.

"FBR ularning Amerikada jinoyat sodir etmaganini tasdiqlashi lozim. Ular soliqlarini to'lab, AQShning hech bir qonun-qoidasini buzmaganiga dalil bo'lishi zarur", - deydi faol.

Oliy sud prezident farmonini qo'llab-quvvatlab qaror chiqarsa ham, g'alaba qisqa muddatli bo'lishi mumkin, xolos. Noyabrda saylanadigan yangi prezident yoki kelajakdagi boshqa rahbar farmonni bekor qilishi mumkin. Respublikachilardan prezidentlikka nomzodlar shunga ahd qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG