Breaking News

Obamani yoqlovchilar ko’p, lekin ikkinchi muddatga saylana oladimi?


Obamani yoqlovchilar ko’p, lekin ikkinchi muddatga saylana oladimi?
Obamani yoqlovchilar ko’p, lekin ikkinchi muddatga saylana oladimi?

Amerikada o’tkazilgan so’nggi ijtimoiy so’rov natijalari prezident Barak Obama uchun ham ijobiy, ham salbiy yangiliklarga boy.

Amerikaliklardan kelajak haqida so’rasangiz, “hozirgi siyosatchilar mamlakatni jar yoqasiga olib boradi”, deydi.

So’rov natijalari xalq pessimistik kayfiyatda ekanini ko’rsatmoqda. Amerikaliklarning 56 foizi Obama iqtisodiyotni eplay olmayapti, degan fikrda.

“Unga kelasi yili yana ovoz berasizmi” degan savolga aholining qariyb yarmi “yo’q” deb javob beradi.

So’rovda prezidentga nisbatan maqtovli gaplar ham bor. Buni qarangki, bugungi iqtisodiy muammolarda ko’pchilik oldingi prezident Jorj Bushni mas’ul deb bilar ekan.

Ularni hal etishda kimga ko’proq ishonasiz deb so’rasangiz, respublikachilarni emas, Obamani ko’rsatishadi.

Izlanish boshida turgan olim Piter Braun deydiki, prezident saylovlarini amaldagi rahbar ustidan referendum deb atash mumkin.

“Obamani yoqlovchilar hali ham ko’p, lekin ikkinchi muddat borasida fikrlar teng ikkiga bo’lingan”, - deydi u.

Saylov Amerikada kelasi yilning noyabrida bo’lib o’tadi. Respublikachilar partiyasidan 10 ga yaqin arbob targ’ibot ishlarini boshlab yuborgan. Lekin reytinglarga qaraydigan bo’lsak, Barak Obama ulardan oldinda.

“Respublikachilarning yorqin yulduzi, Massachusets shtati sobiq gubernatori Mitt Romni Obamadan olti foiz orqada. Texas gubernatori Rik Perri, Kongress a’zosi Mishel Bakman va boshqa arboblar ham quyi pog’onada”, - deydi Piter Braun.

Vitse-prezidentlikka sobiq nomzod Sara Peylin poygada ishtirok etish-etmasligini hali ma’lum qilmagan. Rik Perri nomzodlar safiga qo’shilish arafasida.

So’rovda o’zini respublikachi deb atagan fuqarolarning 25 foizi Mitt Romniga ovoz berishini aytmoqda, 14 foizi qonunchi Mishel Bakmanga. Qolgan nomzodlar 5-6 foiz tarafdorga ega.

O’nlab yillardan buyon jamoatchilik fikrini o’rganib kelayotgan olim Jon Zogbining qayd etishicha, shu yilning may oyida al-Qoida rahbari Osama bin Laden o’ldirilgach, prezident Obamaning reytingi oshgan edi.

“Oradan ikki oy o’tib, iqtisodiy tushkunlik bu tarixiy voqea ta’sirini yuvib ketdi. Hozir bu haqda hech kim eslamaydi. Ishsizlik, byudjet va moliya masalalari yana birinchi o’ringa chiqdi”, - deydi olim.

Barak Obama ikkinchi muddatni qo’lga kiritmoqchi bo’lsa, 2008 yilda bo’lgani kabi mustaqil saylovchilarni, qolaversa, afro-amerikaliklar, latinolar, yoshlarni o’ziga ergashtira olishi kerak. “Kelasi yilgi saylovda raqobat kuchli bo’ladi” , - deydi Jon Zogbi.

AQShda saylovlar, ma’lumki, qimmat jarayon. O’tgan uch oy mobaynida Obamaning kampaniyasi 86 million dollar to’plagan. Respublikachi nomzodlar esa jami 35 million dollar.

XS
SM
MD
LG