Obamaning prezidentligi qanday eslanadi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Barak Obama

Prezident Barak Obama Amerikaning 44-prezidenti sifatida faoliyatini yakunlamoqda. 47 yoshli arbob sakkiz yil oldin Oq uyga ulkan umid va o'zgarishlarni va'da qilib kelgan edi. Ikki muddat rahbarlik ketidan uning obro'si hanuz baland - 59 foiz amerikalik undan rozi. Bu zamonaviy Amerika tarixida prezidentlarga berilgan eng yuqori baholardan biri.

Barak Obama ilk afro-amerikalik prezident sifatida tarixga kiradi. U Oq uyni kimlar egallashi mumkinligi haqidagi qarashlarni o'zgartirdi.

"Orangizda Amerikada hamma narsa mumkinligiga shubha qiladiganlar, davlatimiz asoschilari orzulari bugun ham hayot ekanini, demokratiyamiz qudratini savol ostiga oladiganlar bo'lsa, bugungi natija ular uchun javob", - degan edi Obama g'alaba nutqida.

Amerikaliklar, hatto uning siyosatidan norozilar ham, Obamaning oilaparvarligini qadrlaydi.

"Boshqa prezidentlarga qaraganda, u oilaviy hayotini davlat boshqaruvi bilan birga yaxshiroq eplay oldi. Bu oson ish emas", - deydi tarixchi Alan Lixtman.

Obama, dastlab, sobiq prezident Jorj Bush davrida qo'lga tushmagan "Al-Qoida" yetakchisi Osama bin Ladenni yo'q qilishga e'tibor qaratdi. 2011-yil 2-may kuni xalqqa shu haqda hisobot berdi.

"Bugun Amerika xalqiga va dunyoga shuni ma'lum qilmoqchimanki, Qo'shma Shtatlar amaliyot o'tkazib, "Al-Qoida" yetakchisi hamda minglab begunoh erkaklar, ayol va bolalar o'limi uchun mas'ul terrorchi Osama bin Ladenni o'ldirdi", - dedi Obama.

Ammu bu g'alabadan ko'p o'tmay Suriyada fuqarolar urushi boshlandi. 2012-yil 21-avgustda Obama Suriya Prezidenti Bashar Assadni ogohlantirdi, ammo bu keyinroq AQShning zaifligi deya ko'rildi.

"Kimyoviy yoki biologik qurollar noto'g'ri odamlar qo'liga tushib qolishiga yo'l qo'ya olmaymiz. Assad rejimiga ham, hududdagi boshqalarga ham buni aniq aytganmiz. Kimyoviy qurollar qo'llanganini yoki tarqatilganini sezsak, bu oxirgi ogohlantirish bo'ladi", - degan edi AQSh rahbari.

Oradan bir yil o'tib, Assad armiyasi sarin gazi orqali 1000 dan ortiq odamni o'ldirgani xabar qilindi. Ammo AQSh bunga kuch bilan javob bermadi. Suriyalik tahlilchi Haid Haidga ko'ra, shundan so'ng suriyaliklarning umidlari puchga chiqdi.

"Suriyada bo'layotgan hodisalar navbatdagi bir jang", - deydi u.

Mamlakatda irqiy mojarolar ko'paygach, Prezident Obama bu masalaga ham alohida e'tibor qaratdi. 2015-yil iyulda qoralar qatnaydigan cherkovda 9 amerikalikning otib o'ldirilishi butun Amerikani, jumladan, Prezident Obamani larzaga soldi.

Xalqaro sahnada Birma va Kuba bilan aloqalarning iliqlashishi ham tarixga kirdi. Obama Gavanada Kuba xalqi bilan uchrashdi.

"Ko'p jihatdan, AQSh va Kuba ikki birodarga o'xshaydi. Qonimiz bir, lekin uzoq vaqt bir-birimizdan ajrab qoldik", - degan edi Obama.

Prezident Vyetnamga borib, yoshlar bilan muloqot qildi.

Obamaning prezidentlik muddati tugayapti, lekin yoshlarni yetakchilikka undovchi, u asos solgan global tarmoq endigina oyoqqa turmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG