Breaking News

Obama muxolifat bilan til topisha oladimi? Yangi Kongressda ular salmoqli kuch


Obama muxolifat bilan til topisha oladimi? Yangi Kongressda ular salmoqli kuch
Obama muxolifat bilan til topisha oladimi? Yangi Kongressda ular salmoqli kuch

Aksar siyosiy tahlilchilar nazarida, AQShning hozirgi Kongressi samarali bo’lib, so’nggi 10 yilda eng ko’p qonun qabul qilgani bilan ajralib turadi.

Yanvar oyidan qonunchilar safi yangilanib, partiyaviy tortishuvlar avj olishi kutilmoqda. Mamlakat oldida turgan dolzarb masalalar yechimini topishi yanada qiyinlashadi.

Noyabrda o’tgan saylovlarda Demokratik partiya Vakillar Palatasida ko’pchilik o’rinni qo’ldan boy berdi. Yanvardan palata spikeri - respublikachi Jon Beyner. Senatda Barak Obamaning partiyasi son jihatdan bir oz ustunlikka ega.

Amaldagi Kongress qabul qilgan qonunlar orasida eng salmoqlisi - sog’liqni saqlash va moliya tizimlari isloh qilinganidir.

Tahlilchi Norman Ornshtaynning aytishicha, bu Kongress nafaqat qonunlar soni, balki ahamiyati bo’yicha ham tarixga kiradi. “Demokratlar yutqazishiga ishsizlik yuqori ekani hamda moliyaviy muammolar sabab bo’ldi”, - deydi u.

Kongress saylovlarida boy berganlar asosan mo’tadil siyosatchilar. Ularning o’rnini konservativ nomzodlar egalladi. Bo’lajak qonunchilar soliq va xarajatlarni kamaytirish, hukumatning xususiy sektorga aralashuvini cheklash tarafdori.

Tim Skott Respublikachilar partiyasidan saylangan. Uning aytishicha, yangi qonunchilar kuch va g’ayratga to’la. “Ko’pchilikmiz, o’zgarishlar qilish uchun yaxshi imkoniyat”, - deydi u.

Tahlilchi Norman Ornshtayn fikricha, Kongressdagi o’rinlarni har ikki partiyadan konservativ qonunchilar egallashi bilan siyosiy raqobat va qutblashish kuchayadi.

“Vashingtondagi jarayonlarni 41 yildan beri kuzataman, vaziyat bu qadar keskin bo’lganini ko’rmaganman. Albatta, tarix o’ziga yarasha ziddiyatlarga guvoh bo’lgan. Prezidentlar Nikson va Klintonning impichmenti, Vyetnam urushi va hokazo. Ammo hozirgichalik emas”.

Kongress faoliyatini o’rgangan olim Deyvid Xokingzning aytishicha, 2011 yilda respublikachilar nazoratidagi Vakillar Palatasi va prezident Obama o’rtasida katta janglarni kutish mumkin.

“Kongressning Oq uyga ta’siri kuchayadi, tortishuvlar bo’ladi. Kongress siyosatchilarni ustidan tergov o’tkazish vakolatiga ega. Prezident yordamchilari va ma’muriyat a’zolarini savolga tutib, jurnalistlar oldida izza qilishi mumkin. Kelasi ikki yilda bunday hollar ko’p bo’ladi”, - deydi Xokingz.

Barak Obama soliqlarni kamaytirishga doir qonun muhlatini uzaytirib, muxolifat bilan murosa qila olishini namoyish etdi. Biroq uning demokrat safdoshlari g’azabda. Ular nazarida Obama partiyaviy tamoyillarga zid ish tutdi.

Aksar demokratlar Amerikaning badavlat fuqarolari uchun soliqlarni oshirishga, bu orqali byudjet kamomadini kesishga umid qilgan edi. Ammo respublikachilar bunga ko’nmagach, ikki partiya murosa asosida soliqlarni barcha uchun past saqlashga kelishib olgan.

XS
SM
MD
LG