Breaking News

Oq Uyga zaharli modda solingan maktub jo'natilgan


Prezident Barak Obama nomiga yuborilgan xatlardan birida bugun Ritsin zaharli moddasi topilgan. Xuddi shu modda kecha senator Roger Viker ofisiga kelib tushgan konvertda ham aniqlangan edi.

Maktub zudlik bilan Maxfiy xizmat xodimlari tomonidan karantinga olinib, qo'shimcha tekshiruv uchun Federal qidiruv byurosiga topshirilgan.

Rasmiylarning aytishicha, bu xatlarning Bostondagi portlashlarga aloqasi borligini ko'rsatuvchi biror dalil yo'q. Ba'zan zaharli modda topilganini tasdiqlovchi tekshiruv xulosasi xato bo'lishi ham mumkin, deydi ular.

Kecha Kapitoliyda shubhali konvert paydo bo'lgach, Senat binosi bir muddat yopilgan edi. Maktublarda haqiqatan zahar borligi haqida so'nggi xulosaga kelish uchun yana bir necha tekshiruv o'tkazish kerak, deydi rasmiylar.

Senatorga yo'llangan noma Tennessi shtatining Mississipi chegarasidagi Memfis shahridan yuborilgani aniqlangan. Ritsin toksini o'ta kuchli bo'lib, bir tomchisi odamni o'ldiradi. 2004-yilda ham AQSh Senati maktublar xonasidan shu modda topilgan.

Zaharli xatlar AQShda ilk bor 2001-yil 11-sentabr voqealari ketidan Kongress binolarida va qator pochtaxonalarda aniqlangan edi.

O'shanda zaharlanish oqibatida besh kishi halok bo'lgan, yana bir necha odam kasallangan.

Federal qidiruv byurosi 2001-yilgi maktublar uchun hukumatda ishlagan bir olimni aybdor deb topgan. Ayblanuvchi 2008-yilda o'z joniga qasd qilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG