Breaking News

Obama Vyetnam yoshlarini jasoratli bo'lishga undadi


AQSh Prezidenti Barak Obama vyetnamlik yoshlar davrasida, 25-may, 2016-yil.
AQSh Prezidenti Barak Obama vyetnamlik yoshlar davrasida, 25-may, 2016-yil.

Prezident Barak Obama Vyetnamga uch kunlik tashrifi yakunida yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot qildi. Ularni jasoratli bo’lishga, fikrlarini erkin ifoda etishga undadi.

Janubi-sharqiy Osiyo yetakchilar tashabbusi deb nomlangan tashkilot a’zolari, 800 dan ziyod yoshlar AQSh rahbarini gulduros qarsaklar bilan qarshi oldi.

Obama mamlakat kelajagi sizning qo’lingizda deya ularni maqtab, o’zining yoshlik davrini ham tilga oldi.

“Ko’p nojo’ya ishlar qilganman. O’qishga ham jiddiy qaramas edim, basketbol jonu-dilim edi”, - deydi u.

Suhbat mavzulari xilma-xil. Siyosatdan tortib, madaniyat, iqtisodiyot va iqlim o’zgarishigacha.

“Sizning mamlakatingizda va dunyo bo’ylab iqtisodiy taraqqiyot va xalq salomatligi aynan iqlim muammolariga qanday yondashishimizga bog’liq. Vyetnam - global harorat ko’tarilishidan eng ko’p aziyat chekadigan davlatlar sirasiga kiradi. Ayniqsa, oziq-ovqat ta’minotiga jiddiy ta’siri bor”, - dedi Obama.

Xo Shi Min shahridan 26 yoshli, Suboy ismli repper Obamadan san’at va madaniyatning jamiyat taraqqiyotiga hissasi haqida so’radi.

“San’atkorlar o’z kuylarida xalq dardini ifoda etadi, ayrim hukumatlar bu sohani nazorat etishga intilishi ham shundan”, - deydi Obama.

AQSh rahbari Vyetnamda inson huquqlari bobidagi muammolarni tilga olib, hukumatni matbuot erkinligini ta’minlashga, jurnalistlarni o’z ishini bajarishi uchun yo’l berishga undadi. Shunda hukumatga ishonch paydo bo’ladi, deydi u.

AQSh rahbari Vyetnamdan so'ng Yaponiyaga yo’l oldi. Tokioda u bugun Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe bilan uchrashishi belgilangan. Shuningdek, Obama Xirosimadagi Xotira parkiga ham tashrif buyuradi. Ikkinchi jahon urushi so'ngida atom bombasi tashlangan bu hududga shu paytgacha hech bir AQSh rahbari kelmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG