Respublikachilar yangi yilda Obama sug’urta dasturini o’zgartirishga kirishadi

  • Amerika Ovozi

2017-yil boshi AQShdagi yangi Kongress uchun qizg’in bo’lishi kutilmoqda. Respublikachilar ko’pchilikni tashkil etgan Senat va Vakillar palatasi 20-yanvarda prezidentligini Donald Trampga topshirayotgan Barak Obama tashabbusi bilan olti yil oldin ishga tushgan tibbiy sug’urtani o’zgartirishga harakat qiladi. Tanqidchilar dasturning qimmat ekaniga ishora qilmoqda.

“Sug’urta uchun oylik to’lov qimmatlashib boryapti”, - deydi savdo sohasida ishlovchi bir ayol.

“Obamakeyr” deb yuritiluvchi sug’urta bilan barchani ta’minlash arzon emas, yoshroq, sog’lomroq amerikaliklarning himmati tufayli yoshi ulug' vatandoshlari ham dasturga yozilmoqda.

“Obamakeyr”ni bekor qilib, hammaga qulay yangi sug’urta dasturini yaratamiz”, - degan edi Tramp saylov kampaniyasi paytida.

Demokratlar dasturni bekor qilmang, o’zgartiring, demoqda.

“Qonunni yaxshilasak, yaxshi bo’lardi”, - deydi senator Garri Rid.

Respublikachilar yillar davomida “Obamakeyr”ga chek qo’yishga va’da berib keladi. Tramp buni uddalashi mumkin.

“1-yanvardan keyin darrov ishga kirishamiz. Avval hozirgi dasturni bekor qilib, so’ng tezkorlik bilan yaxshiroq qonunni qabul qilishimiz kerak”, - deydi respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonel.

Demokratlar yangi dastur haqida haligacha ma’lumot yo’qligiga ishora qilmoqda.

"Yangi dastur qanday bo’ladi? Respublikachilarda bu savolga javob yo’q. Yangi uyni qurmay turib, eskisini buzdirmaymiz”, - deydi senator Chak Shumer.

Demokratlar respublikachilarning taklifi ham amerikaliklarga manzur bo’lmasligini bashorat qilmoqda.

AQShda sog’liqni saqlash bilan bog’liq xarajatlar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 17 foizidan ko’pdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG