Breaking News

Islom hamkorlik tashkiloti Tramp qarorini qoraladi


Istanbuldagi sammit ishtirokchilari

Chorshanba kuni Turkiyada Islom hamkorlik tashkilotining favqulodda majlisi bo’lib o’tdi. 57 mamlakat a’zo organ AQSh Prezidenti Donald Trampning Quddusni Isroil poyaxti sifatida tan olish qarorini qoraladi. Sammit ishtirokchilari Falastin davlatini tan olishga chaqirdi.

Istanbulda o’tgan majlisda 22 mamlakat rahbarlari va 23 davlat tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi.

Anjuman mezboni, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an AQSh va Isroilni tanqidga oldi. Uning nazarida, Isroil Falastinning hamma yerlarini o’zlashtirmoqchi, yahudiy xavfsizlik kuchlari esa o’zlarini terrorchilar kabi tutmoqda.

Xalqaro hayot - 14-dekabr, 2017-yil - Islom tashkiloti Falastinni tan olishga chaqirmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:50 0:00

Erdog’an xalqaro hamjamiyatga bir taklif bilan murojaat qildi.

“Xalqaro qonun va adolatni hurmat qiladigan barcha davlatlardan Quddus shahrini istilo ostidagi Falastin davlatining poytaxti sifatida tan olishni so’rayman. Bu masalani ortiq cho’zib bo’lmaydi. Musulmon mamlakatlar sifatida biz Falastinni suveren va mustaqil qilish, Quddusni uning poytaxti deb ko’rish talabimizdan hech qachon qaytmaymiz”, - dedi Erdog’an.

Biroq bir kunlik anjuman mintaqada ahillik yo’qligini ko’rsatdi. Saudiya Arabistoni va Misr kabi yirik davlatlar rahbarlari sammitda qatnashmadi.

“AQSh bu ikki davlat uchun juda muhim, shu sabab ular Amerika qaroriga qarshilik ko’rsatishni istashmaydi. Masalan, Turkiya, Iordaniya yoki Erondan farqli o’laroq, ular sukut saqlashni afzal ko’radi”, - deydi turkiyalik olim Mesut Hakki Chasin.

Falastin rahbari Mahmud Abbosning aytishicha, Trampning bu qarori uni yakkalab qo’ydi.

“Bu bilan Qo’shma Shtatlar vositachi sifatida xolisligini yo’qotdi va siyosiy jarayondagi rolini boy berdi. Bundan keyin Amerikaning tinchlik jarayonida qatnashishini istamaymiz. Isroilga tarafkashlik qilyapti”, - dedi Abbos.

Anjuman qatnashchilari yakuniy bayonot qabul qilib, Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishga, Sharqiy Quddusni esa uning poytaxti sifatida e’tirof etishga chaqirdi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibasi Xezer Noyertning aytishicha, Tramp ma'muriyati Yaqin Sharq tinchlik jarayonidan chekinmaydi.

"Isroil va Falastin ma'noli tinchlik bitimini imzolashi uchun Qo'shma Shtatlar har ikkisi bilan ishlashda davom etadi", - deydi rasmiy.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG