Breaking News

Sochidagi sport inshootlaridan kelajakda nima foyda?


Sochi Olimpiadasi uchun qurilgan inshootlarning keyingi taqdiri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:16 0:00
Tayyorgarligi uzoq yillarni talab etgan Sochi Olimpiadasi ikki haftadan ziyodroq davom etadi, xolos. Bundan keyin nima bo’ladi? Musobaqa uchun qurilgan ulkan inshootlarni qanday taqdir kutmoqda?
“Fisht” stadioni qishki o’yinlar uchun bunyod etilgan yetti sport inshootining biri. Bu yerda, asosan, musobaqaning ochilish va yopilish marosimlari o’tkaziladi.

Ammo ko’pchilikni stadionning Olimpiadadan keyingi taqdiri qiziqtirmoqda. Jorj Vashington universitetining sport boshqaruvi professori Liza Nirotti ham ulardan biri.

“Bu joy qishki o’yinlar orasida alohida Olimpiya parkiga ega bo’lgan va binolarning barchasi maxsus shu o’yinlar uchun qurilgan birinchi musobaqadir. Ammo buni eng yaxshi yo’l, demagan bo’lardim. Chunki bir joyda joylashgan bu yettita ulkan inshootdan samarali foydalanilmaydi. Yaxshisi, ularni bir-biridan uzoqroq joylarga qurish kerak edi”, - deydi u.

Musobaqa Rossiya g’aznasiga 50 milliard dollarga tushgani aytilmoqda. Xarajatlarni qisqartirish uchun to’g’ri rejalash, ayniqsa, musobaqadan keyingi sharoitni hisobga olish juda muhim, deydi professor.

“Ularning barchasidan yetarli darajada foydalanishning imkoni yo’q”, - deydi u.

2008-yilgi yozgi Olimpiada uchun qurilgan Pekin milliy stadioni va Milliy suzish markazi taqdiri ham shunga o’xshash.

Xitoy hukumati bu joylarga ko’proq sayyohlarni jalb etishga urinmoqda. Odamlar esa yarim milliard dollarlik stadiondan, asosan, suratga tushish uchun foydalanadi.

2004-yil Afinada qurilgan Olimpiya parki esa oradan sakkiz yil o’tib qarovsiz, huvillab qolgan.

2012-yil Olimpiada bahonasida Londonning sharqiy qismini rivojlantirish uchun qurilgan inshootlar ham kutilgan samarani bermadi.

“Ishlashayotgan payt katta qurilish maydoni edi. Musobaqa payti bayram parkiga aylandi. Hamma ketgandan keyin esa xuddi sirk shaharni tark etgandek bo’ldi”, - deydi londonlik fuqarolardan biri.

2024-yilgi yozgi Olimpiadani Vashingtonga olib kelishga harakat qilayotgan guruh rahbari Bob Svinining aytishicha, London ham vaqtincha foydalanish uchun qurilgan inshootlardan xoli bo’lmadi.

“Ularning basketbol majmuasi po’latdan qurilgan, yuqori sifatli ichki dizaynga ega edi. Ammo uni musobaqadan keyin buzib tashlashdi. Qurilishga sarflangan mablag’ doimiy sport inshooti qurishga ketadigan xarajatning uchdan biriga teng edi”, - deydi u.

Svinining ishonch bilan aytishicha, Vashington ham musobaqa uchun vaqtinchalik inshootlar qurish yo’lidan boradi. Olimpiada mezbonligiga da’vogar ko’plab davlatlar ana shunday reja bilan chiqmoqda.

Ammo Sochida bunday bo’lmadi, deydi Nirotti.

“Ular yettita majmuani aylana qilib bir joyga qurdi. Boshida ularning ikkitasi vaqtincha bo’lib, musobaqadan so’ng boshqa joyga ko’chirilishi ko’zlangan edi. Ammo keyin rejalar o’zgardi”, - deydi aqshlik kuzatuvchi.

Unga ko’ra, ushbu inshootlarni musobaqadan so’ng qanday taqdir kutayotgani hali noma’lum.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG