Breaking News

O’zbekistonda “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasini ro’yxatga olish rad qilindi


“Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi lideri Xidirnazar Olloqulov

O’zbekiston Adliya vazirligi “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi faoliyati to’xtatilishi haqida ogohlantirmoqda. Vazirlikning 21-iyunda tarqatgan xabarida ushbu partiya yetarli miqdorda imzo taqdim etmagani bois uni ro’yxatga olish rad etilgani, partiya uchun imzolar yig’ish to’xtatilib, tashkiliy qo’mita o’z faoliyatini tugatishi lozimligi haqida ma’lumot berildi.

O’zbekistonda “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasini ro’yxatga olish rad qilindi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:41 0:00

Ushbu bayonotni mamlakatda mustaqil siyosiy partiya tuzish harakatlari yo’qqa chiqqanining rasmiy tasdig’i sifatida ko’rish mumkin. Vazirlik buning sababini “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi ro’yxatdan o’tish uchun zarur 20 mingta imzo taqdim etmagani, topshirilgan 10 mingga yaqin imzolar ichida marhum fuqarolarning ham borligi aniqlangani, shuningdek 2 mingdan oshiq fuqaroning o’z imzosini bekor qilish yuzasidan murojaat qilgani bilan izohlaydi.

Adliya vazirligi bayonotida ro’yxatdan o’tish uchun imzo yig’gan “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi faollariga qo’llangan tazyiqlar, bosimlar, imzosidan voz kechishga majbur qilingan fuqarolar huquqi haqida hech narsa deyilmaydi.

Mustaqil siyosiy partiyani qo’llagan fuqarolarga tazyiq o’tkazgan huquq-tartibot idoralari, partiya faollarini oshkora sazoyi qilgan mahalla qo’mitalari, faollarga namoyishkorona hujum qilgan ayollar guruhi ham javobgarlik chegarasidan tashqarida qolmoqda.

Aksincha, hujumga nishon bo’lgan muxolifatchilarning o’zlarini ayblash davom etmoqda, yaqinda “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi lideri Xidirnazar Olloqulov, “Erk” partiyasi faoli Jahongir Otajonov boshliq bir guruh faollar ichki ishlar boshqarmasida so’roqqa tutilgan, jarimalar belgilangan.

Hukumatning bevosita va bilvosita ko’magidagi bu bosimlar O’zbekistonda hukumatdan mustaqil uyushma, tashkilotlar bo’lishi mumkinligini shubha ostiga qo’yadi. Shu ma’noda siyosiy huquqlar bo’yicha yangi O’zbekiston eskisidan farqli emasdek, iqtidordagi hukumat, ayniqsa prezident saylovlari arafasida bunga intilayotgani ham yo’qdek.

Sal avvalroq, Olloqulov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda mustaqil siyosiy partiyalar tazyiqdan xoli bo’lmagan bir sharoitda o’tkaziladigan prezident saylovlarini xalq ham, xalqaro jamoatchilik tan olmasligi lozimligi haqida gapirgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG