Amerikaning Los-Anjeles shahrida AQSh Kinoakademiyasining “Oskar” taqdimot marosimi o’tkazilib, 2020-yilning eng yaxshi kartinalari va ijodkorlari aniqlandi. Joriy yilning boshida ekran yuzini ko’rgan filmlar ham tanlovda qatnashgan.
Kinoakademiya sanoatda irqiy xilma-xillikni targ’ib etishga intilarkan, bu gal “Oskar”ning aksariyat sohiblari ozchilikdagi irqlarga mansub nomzodlar bo’ldi, biroq eng yaxshi aktyor, eng yaxshi aktrisa va eng yaxshi operator deb oq tanli nomzodlar topildi.
Xitoylik-amerikalik rejissor Xloya Chjaoning “Ko’chmanchilar yeri” kartinasi “Eng yaxshi film” nominatsiyasida g’olib bo’ldi. Ushbu badiiy film ishidan ayrilib furgonda Amerikani kezgan bir beva ayol hayotini hikoya qiladi. Kinoga aktyorlar bilan birga haqiqiy ko’chmanchilar ham jalb etilgan. Unda bosh rolni ijro etgan Frensis Makdormand “Eng yaxshi aktrisa”ga beriladigan sovringa sazovor bo’ldi.
Xloya Chjao eng yaxshi rejissor deb topildi. U taqdimot tarixida bu kategoriyada “Oskar”ni qo’lga kiritgan ikkinchi ayoldir va oq tanli bo’lmagan ilk rejissor.
“Amerika G’arbining bepoyonligi va go’zalligida nimadir bor. Va bu narsa avlodlarni ruhlantirib kelgan. U sizning buyuk bir narsaga aloqadorligingizni eslatadi”, - dedi g’oliba.
83 yashar Entoni Xopkins “Ota” filmida aqldan ozayotgan ota rolidagi ijrosi uchun “Eng yaxshi aktyor” deb topilib, hayotidagi oltinchi “Oskar”ini qo’lga kiritdi.
Yun Yo Jon ismli janubiy koreyalik aktrisa “Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa” sifatida “Oskar”ga sazovor bo’ldi. U rejissor Li Ayzik Chunning “Minari” filmida Amerikaga ko’chib borgan qiziga yordam berish va nabiralariga qarash uchun Koreyadan kelgan buvi rolini ijro etadi.
“Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida esa faqat qora tanli aktyorlar ishtirok etgan “Yahudo va qora Masih” filmida fuqarolik huquqlari kurashchisi Fred Xempton obrazini yaratishga harakat qilgan Daniel Kaluuya g’olib bo’ldi. Xempton 1969-yilda 21 yoshida politsiya tomonidan otib o’ldirilgan.
Rejissor Deyvid Fincherning “Mank” deb nomlangan filmini tasvirga tushirgan bosh operator Erik Messershmit ham o’z nominatsiyasida oliy sovringa loyiq deb topildi.
Facebook Forum