"Oskar" taqdimoti oldidan e'tibor immigratsiya va erkinlikda

  • Amerika Ovozi

Los-Anjeles, Kaliforniya shtati

Gollivuddagi yillik tantana - AQSh kinoakademiyasining "Oskar" mukofoti taqdimoti oldidan yulduzlar Prezident Donald Trampning immigratsion siyosatini tanqid qilish bilan ovora.

Taqdimot ketidan kechadigan ziyofatlar o'rniga xayriya tadbirlari o'tkazilishi kutilmoqda. Gollivudda iste'dod yollovchi yirik firma "United Talent Agency" Amerika Fuqaro Erkinliklari Ittifoqi va Xalqaro Yordam Qo'mitasiga 250 ming dollar bergan. Hozirda ular hamkorlikda yangi tashabbuslar ustida ishlamoqda.

24-fevral kuni Los-Anjelesda ikki kunlik namoyishlar o'tadi. Immigratsiya Gollivud va umuman san'at va madaniyat uchun nihoyatda muhim masala, chunki iste'dodlar butun dunyodan keladi. Amerikada muhojirlarga nisbatan munosabatning salbiylashishi, hukumatning musulmon davlatlarning fuqarolariga viza berishni cheklashi faqat zarar, deydi faol yulduzlar.

"United Talent Agency" rahbari Jeremi Zimmer:

“San'atkorlar uchun erkinlik, g'oya va ijodiy hurlik eng ustuvor masala. Ularning yo'liga to'siqlar qo'yish, dunyoning turli chekkalaridan iste'dodlar uchun darvozani yopish Amerikani madaniy qudratdan ayiradi".

Eronlik kino ustasi Asqar Farhodiy rafiqasi Parisa bilan
Eronlik kino ustasi Asqar Farhodiy rafiqasi Parisa bilan

Agentlik mijozlaridan biri - eronlik kino ustasi Asqar Farhodiy "Sotuvchi" kartinasi uchun "Oskar"ga ko'rsatilgan, lekin u taqdimot marosimiga kela olmaydi. Prezident Tramp yetti musulmon davlatidan, xususan Erondan AQShga hech kimni kiritmaslikni buyurgan. Federal sudlar bu farmonni asossiz deb topib, uning amaliyotini bekor qilgan, lekin masala hamon mavhum.

Farmondan norozi Farhodiy Amerikaga qadam bosmasligini aytgan. U, shuningdek, vatanida ham taqvodorlar tomonidan keskin tanqid ostida. Film islomiy tuzum yetakchilariga yoqmagan, chunki u jamiyatdagi illatlarni fosh qiladi.

Eronlik kino yulduzi Tarona Alido'stiy
Eronlik kino yulduzi Tarona Alido'stiy

Eronlik aktrisa Tarona Alido'stiy "Sotuvchi" filmida bosh rollardan birini o'ynaydi. U ham "Oskar" taqdimotida qatnashishdan bosh tortgan.

“Trampning viza berishni man etishi eronliklarga nisbatan irqchilik", - deya yozdi bu yulduz o'z "Twitter" sahifasida.

Tramp deydiki, bu farmon terrorizmga qarshi kurashning bir qismi, davlat xavfsizlini ta'minlash shunday choralar talab qiladi. Biroq unga qarshi chiqayotganlar nazarida Amerikaga kirib kelishdan oldin odamlar qattiq tekshiruvdan o'tadi, viza olish murakkab jarayon va agar qochqin sifatida kelmoqchi bo'lsangiz, ko'rik ikki yilga cho'ziladi.

WME-IMG nomli yana bir agentlik Gollivudda mablag' jamg'arib, Tramp siyosatiga qarshi harakat boshlamoqda.

WME-IMG’ rahbarlaridan biri Ari Emanuelning aytishicha, Amerikada san'at va madaniyat sohasi juda keng va muhojirlar, chet ellik yulduzlar katta sonni tashkil etadi. Ularning roli beqiyos va bu insonlar uchun ishlaydigan firmalar ular manfaati yo'lida siyosiy jonbozlik ko'rsatishga shay.

Ari Emanuel va uning firmasi bir paytlar Tramp uchun ham ishlagan. Uning akasi Ram Emanuel Chikago shahri meri, sobiq kongressmen va Barak Obama prezidentligi paytida Oq uy boshqaruvchisi bo'lib ishlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG