Breaking News

YXHT vakili bilan O'zbekistonda saylovni kuzatish mexanizmi haqida suhbat


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi so'zlovchisi Tomas Raymer bilan suhbat
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi so'zlovchisi Tomas Raymer bilan suhbat

4-dekabr kuni O'zbekistonda muddatidan erta prezident saylovlari bo'lib o'tadi. Bu mustaqil O'zbekiston tarixida Islom Karimovsiz o'tadigan ilk saylov bo'ladi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti chorak asrda birinchi marta kuzatuvchilarining to'liq missiyasini respublikaga yubordi. Bungacha barchasi cheklangan edi. Nega shunday bo'ldi? Bu galgi saylovlardan qanday umidlar bor?

Ana shu savollarga javob olish maqsadida “Amerika Ovozi” tashkilotning Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi (DIIHI) matbuot kotibi Tomas Raymerga murojaat etdi.


Odil Ruzaliev (Amerika Ovozi): Janob Raymer, YHXT O’zbekistonga nega to’liq kuzatuvchilar missiyasini yuborishga qaror qildi?

Tomas Raymer: Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a’zo har bir mamlakatda bo’lgani kabi O’zbekistonda ham saylovdan oldin fuqarolik jamiyati, siyosiy partiyalar va nomzodlar vakillari bilan aloqada bo’lib, jarayon qanday kechayotgani haqida ma’lumot to’pladik. Bunga mas’ul guruh ana shu ma’lumot asosida saylovlarni kuzatish uchun bu gal to’liq missiya yuborishni tavsiya qildi. Shu orqali biz kuzatuvchilarimiz yordamida saylov kuni saylov uchastkalaridagi vaziyatni o’rganmoqchi bo’ldik. Oldingi saylovlarda bunday bo’lmagan edi.

O’tmishda ovozlarning sotib olingani haqida shubhalar bor edi, shuni tekshirmoqchi bo’ldik.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakili bilan saylov haqida suhbat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:21 0:00

Odil Ruzaliev: Kuzatuvchilar guruhi tarkibi haqida ma’lumot berishinigiz mumkinmi? Kim ular?

Tomas Raymer: Umumiy hisobda uchta guruh borligini ta’kidlamoqchiman. Hozir Toshkentda saylov bo’yicha 15 ta ekspert ishlamoqda. Guruh tarkibida siyosiy tahlilchilar bor, huquqiy tahlilchilar bor. Ommaviy axborot vositalari ishi bo’yicha tahlilchilarimiz saylov kampaniyasining mahalliy matbuotda yoritilishini kuzatmoqda. Bundan tashqari, 20 ta uzoq muddatli kuzatuvchi bor. Ular ikki kishilik guruhlarga bo’linib, kampaniyani va saylovga tayyorgarlik qanday kechayotganini kuzatmoqda. Bu mutaxassislarga qo’shimcha tarzda saylov kuni tashkilotga a’zo mamlakatlardan 250 ta kuzatuvchi ishlaydi.

Odil Ruzaliev: Saylovlarni kuzatish uslubingiz qanday va Mustaqil davlatlar hamdo’stligi kuzatuvchilarinikidan nimasi bilan farq qiladi?

Tomas Raymer: MDH kuzatuvchilari qanday ishlashini bilmayman. Bu haqda ularning o’zidan so’raganingiz ma’qul. Men YXHTning DIIHI idorasida ishlayman. O’zimizning ishimiz haqida gapiradigan bo’lsak, biz saylov jarayonini atroflicha o’rganamiz. Albatta, saylov kuni muhim, ammo undan oldingi jarayon ahamiyati ham katta; ushbu jarayonning YXHT talablari va saylovga doir boshqa xalqaro andozalarga javob berishi muhim. Saylovning O’zbekiston o’z bo’yniga olgan ana shu majburiyatlari asosida o’tishini ta’minlovchi qonunlarga ham nazar solamiz. Bundan tashqari, saylov komissiyasi faoliyatini, saylovoldi kampaniya xarakterini kuzatamiz, matbuot xalqni saylov haqida qanday xabardor qilayotganini o’rganamiz.

Odil Ruzaliev: Sizningcha, O’zbekistonday davlatda saylovni kuzatish uchun qancha kuzatuvchi kerak?

Tomas Raymer: Tavsiya guruhimiz O’zbekiston uchun qancha kuzatuvchi kerakligini aytgan. Bular 15 kishidan iborat Toshkentdagi asosiy guruh, so’nggi bir oydan beri mamlakatda ishlayotgan 20 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar hamda saylov kuni uchastkalarda ovoz berish jarayonni kuzatadigan 250 ta mutaxassis. Ular uchastkalarning ochilishidan yopilishiga qadar o’sha yerda bo’lib, ovoz berish va byulletenlarni hisoblash jarayonini nazorat qiladi. Ya’ni O’zbekistondagi saylovlar uchun shuncha kuzatuvchi kerakligi aniqlandi.

Odil Ruzaliev: Janob Raymer, O’zbekiston hukumati bilan muloqot qanday kechyapti? Oldingi yillardan farqlimi? Sizning iltimos va talablaringiz muammosiz qondirilyaptimi?

Tomas Raymer: Bizni doim quchoq ochib kutib olishadi. Saylov organlari xodimlari, nomzodlar va ularning vakillari bilan uchrashdik, biz iltimos qilgan saylov uchastkalariga borishimizga to’siq bo’lmadi. Aslida doim shunday bo’lgan. YXHTga a’zo har bir mamlakat kabi O’zbekiston ham kuzatuvchilarni saylovlarga taklif qilish majburiyatini olgan. Hozircha hech qanday muammolar bilan yuzlashganimiz yo’q.

Odil Ruzaliev: Haqiqiy siyosiy muxolifatning saylovda ishtiroki haqida hukumat bilan gaplashish imkoni bo’ldimi?

Tomas Raymer: Saylov jarayoniga nazar solganda boshdan oyoq hamma narsaga e’tibor qaratish zarur. Keng qamrovli kuzatuv ham shundan iborat. O’zbekistondagi mas’ul shaxslar bilan ko’p masalalar xususida gaplashdik, jumladan siz tilga olgan mavzu bo’yicha ham. Butun boshli jarayonni kuzatganimizdan so’nggina unga yakuniy baho beramiz. Menimcha, uning bir qismi haqida gapirishga hozir erta. Saylov kunining ertasiga dastlabki xulosalarimiz bilan tanishtiramiz. O’shanda siz ko’targan mavzuni ham inobatga olamiz.

Odil Ruzaliev: Saylovdan keyingi rejalar qanday?

Tomas Raymer: Umumiy metodikamizga muvofiq, hozir aytganimday, dastlabki xulosalarni bayon qilamiz, jarayonning saylov andozalari va YHXT majburiyatlariga qanchalik muvofiq bo’lganini izohlaymiz, kamchiliklar bo’lsa, aytib o’tamiz. Yaqinda AQShdagi saylovlarni kuzatdik, bundan keyin Makedoniyaga boramiz. Tashkilotga a’zo 57 mamlakatdan 56 tasida saylovlarni kuzatganmiz. Asosiy maqsadimiz saylov tizimini yaxshilash uchun tavsiyalarimizni berish. Bu tavsiyalarni saylovdan sakkiz hafta o’tgach yakuniy hisobotimizda taqdim etamiz.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG