Nurullo Otaxonov: Vatanga qaytganimdan afsusda emasman


Nurulloh Muhammad Raufxon

1-oktabr kuni “Toshturma”dan ozodlikka chiqarilgan yozuvchi Nurullo Otaxonov (Nurulloh Muhammad Raufxon) “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aeroportda hibs qilinishi ham, minglab vatandoshlari uning himoyasiga chiqishi ham kutilmagan voqea bo'lgani haqida gapirdi. Yozuvchi ozod, ammo tergov davom etadi. Nurullo Otaxonov, ayniqsa, xalqda kuzatilgan uyg`oqlikdan xursand. Asarini esa diniy idora emas, adabiy jamoatchilik baholashi kerak, deb hisoblaydi.

27-sentabr kuni Toshkent aeroportida qo‘lga olingan taniqli o‘zbek yozuvchisi uch kundan so'ng hibsdan ozod qilindi. So‘nggi ikki yil Turkiyada yashagan yozuvchi prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zbekistonliklarni vatanga qaytishga undashidan, shuningdek, mamlakatdagi “qora ro‘yxat”dan o‘chirilganidan so‘ng O‘zbekistonga qaytishga qaror qilganini aytadi. Ammo, Turkiyadan vatanga uchib kelgan yozuvchini Toshkent aeroportining o‘zidayoq hibs qilishdi.

“Ayniqsa, prezident AQShga borganida, BMTdagi nutqidan keyin (nutq ham ajoyib, yaxshi bo‘ldi) bir guruh vatandoshlar bilan uchrashdilar. O‘sha uchrashuvda vatanga qaytinglar, ayniqsa, mutaxassislar, kerak bo‘lsa, yo‘lkira beraman, maosh, uy qilib beraman, dedilar. Men bundan juda katta ruh oldim, albatta. Lekin men kirib keldim, qo’limga kishan solishdi, hibsga olishdi, hayronman, hamon hayratdaman, bu yoqda davlat boshqacha siyosat yurityapti, lekin eski siyosatni yuritayotganlar ham bormi, deb o‘ylayapman, haligacha bunga aqlim yetmayapti”, - deydi yozuvchi.

AO: Ya’ni, davlat ikkiyuzlamachi siyosat yuritmoqdami?

- Endi, shunaqaga o‘xshayapti, ammo men prezident ikkiyuzlamachi demoqchi emasman. Men prezident yaxshiliklar istayapti, yaxshiliklar qilmoqchi deyman. Ammo bunga qarshi qandaydir kuchlar bormi, meni gumon qilishga haqim yo‘q, ammo voqealar shuni ko‘rsatyapti. Bir tomonda bunday gaplar aytilyapti, bir tomonda bunday ishlar qilinmoqda. Masalan, tasavvur qiling, men “qora ro‘yxat”dan 8-9-avgust kunlari o‘chirilganman, lekin shu yil 18-mayda meni hibsga olish haqida qaror chiqarilgan, qidiruvga berilganman. Ya’ni may oyida jinoiy ish ochilgan, avgust oyida esa “qora ro‘yxat”dan o‘chirilganman, bularning qay biriga ishonay? Mantiq bo‘yicha, “qora ro‘yxat”dan o‘chirildi degani, avvalgi ishlar bekor qilindi degani-ku. Qolaversa, endi kelaversinlar degan, takliflar bildirishdi. Xullas, prezidentning chaqiriqlaridan ilhomlandim, garchand meni shaxsan taklif qilmagan bo‘lsa ham. Turkiyadagi vatandoshlarni ham vatanga qaytishga, o‘zgarishlar bo‘layotganiga targ‘ib qilib yurgan odam sifatida o‘zim buni boshlab berishni niyat qildim va mana vatanga qaytib keldim.

AO: Bu qarordan afsusda emasmisiz?

- Albatta, ichkarida o‘tirganda (hibsxonada) bunday afsus xayollari ham keldi, nima qilardim qaytib degan… Lekin men afsusda emasman, chunki nima bo‘lgan taqdirda ham bu o‘zimning vatanim. Menga nima qilayotgan bo‘sa ham, bu o‘zimning davlatim. Men davlatimdan begona emasman, o‘zimni vatanning jonkuyari deb hisoblayman. Albatta, yaxshilik osonlik bilan o‘rnatilmaydi, buni ham bilaman.

27-sentabr kuni yozuvchining Toshkent aeroportida qo‘liga kishan urilgancha hibs qilinishi jamoatchilikda, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda keskin norozilikka sabab bo‘ldi.

Oddiy aholi, adibning o‘quvchilaridan tashqari mamlakatdagi bir nechta taniqli yozuvchilar ham hukumatning bu qaroriga nisbatan o‘z noroziliklarini bildirdi. Nurullo Otaxonovni ozodlikka chiqarishni so‘rab Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga yozilgan maktubga yuzlab o‘zbekistonliklar imzo chekishdi.

Yozuvchiga ko‘ra, hali qamoqdaligida advokatidan uning himoyasi uchun ko‘tarilayotgan tashabbuslardan xabar topgan, ozodlikka chiqqach esa bu tashabbuslar bilan bevosita tanishishda hamon davom etyapti; o‘zbekistonliklarda uyg‘ongan bu faollikdan xursand, uni qo‘llayotganlardan minnatdor.

“Toshturma"daligimning ikkinchi kunida advokat bordilar va hozir sizning himoyangiz uchun butun dunyo oyoqqa qalqqan, xalqaro tashkilotlar, ijtimoiy tarmoqlar ham, shu bilan shug‘ullanyapti deb aytdilar. Men ham hayratda qoldim, ham xursand bo‘ldim. Mayli xalqaro tashkilotlar o‘z yo‘liga, men davlatim ustidan hech qachon chet elga shikoyat qilmaganman, men xalqimga shikoyat qilganman, kitobim xalqimga mo‘ljallangan, u yerda o‘zimizning ichki muammolarimizni o‘zimiz hal qilaylik, degan g‘oya bor. Shuning uchun bu kitob biron tilga tarjima qilinmagan, faqat o‘zbek tilida, o‘z xalqimiz uchun saytimga qo‘yilgan. Meni eng quvontirgan narsa shu bo‘diki, bu narsa xalqimizning ichidan chiqyapti, qamalishim shunchalik siyosiy aks-sado beribdi, mana chiqqanimdan buyon ijtimoiy tarmoqlar men bilan shug‘ullanganini ko‘rsatishyapti, tanishtirishyapti. Men bu narsani, Xudo xohlasa, katta bir o‘zgarishlardan darak deb bilaman. Xalqimiz uyg‘onyapti, o‘z fikrini ochiq bildirish malakasi paydo bo‘lyapti. Eng yaxshi tomoni esa davlatimiz ham ochiq fikrlarga ko‘nikyapti”, - deydi hibs qilinishi ijtimoiy tarmoqlardagi keskin norozilikka sabab bo’lgan yozuvchining o`zi.

Nurullo Otaxonov qamoqqa olish haqidagi ehtiyot chorasining ochiqda yurib tergovda qatnashish shartiga o‘zgartirilishi munosabati bilan ozodlikka chiqarilgan.

Yozuvchiga nisbatan konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallar tarqatish aybi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Bu ayblov diniy idora tomonidan adibning “Bu kunlar” romani bo‘yicha berilgan ekspertiza xulosasiga asoslangan. Yozuvchining o‘zi bu ayblovlarni inkor qiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG