Breaking News

Roza Otunbayevaga xalq baho beradi


Otunbayevaning prezidentligi haqida Qirg'iziston ahli nima deydi?
Otunbayevaning prezidentligi haqida Qirg'iziston ahli nima deydi?

Qirg'iziston prezidenti Roza Otunbayeva bugun va ertaga Amerika poytaxtida bo'lib, Obama ma'muriyati a'zolari bilan uchrashadi.

Ertaga departament jahonning turli mamlakatlaridan tanlangan faol va yetakchilarga Jasoratli Ayol Xalqaro Mukofotini taqdim etadi. Jumladan Roza Otunbayevaga.

U Qirg’iziston rahbari bo’lganiga yaqinda bir yil to’ladi. Mutaxassislar prezident ichki va tashqi siyosatda ko’zga ko’rina boshlaganiga e’tibor beradi.

Otunbayeva mamlakatni tez-tez aylanadi, xorijga bot-bot safar qiadi. Siyosatining ijobiy sifatlarini ko’rsatishga urinmoqda.

O’sh voliyati Qora-Suv tumanilik muallima Guloyim opa davlat boshqaruvi o’ta qiyin vazifa ekanini ta’kidlaydi.

“Men siyosatdan olisman. Balki Otunbayeva bu yoqlarda bo’layotgan ishlardan bexabardir. Unga yetarli ma’lumot berishmayotgandir. Yaxshi ishlayapti desam, ehtimol, oddiy halqning, zahmatkash xalqning yarasiga tuz sepganday bo’larman. Yomon ishlayapti ham deyolmayman. Sababi harakat qilayapti, mana korrupsiyaga qarshi kurash e’lon qildi”, - deydi muallima.

Yozuvchi Habibillo Idrisov prezident Roza Otunbayeva faoliyatining, o’z ta’biricha, ijobiy sifatlarini urg’ulaydi.

O’sh va Jalol-Obod shaharlarini qayta tiklash direksiyasini tuzish, konstitutsiyaviy islohot va parlament saylovlarini o’tkazish, koalitsion hukumat tuzish shular sarasiga kiradi.

Bishkeklik tahlilchi Orozbek Moldaliyevning aytishicha, Otunbayeva rahbarlikka o’ta qiyin paytda kelgan. Har nechuk boshqaruvni qo’lga ola bilgan.

“Xalqning demokratiyaga bo’lgan orzu-umidlarini amalga oshirish uchun qilgan harakati uchun u hurmat va mukofotga loyiq”, - deydi tahlilchi.

Qirg’izistonlik ba’zi fuqarolar rahbar siyosati va tashabbuslarida amaliy ishlardan ko’ra, ko’proq quruq so’z, yuzakilik mavjud deb hisoblaydi.

Ayrim suhbatdoshlar zikr qilingan ko’rinishni jamiyatning ma’lum qatlamlaridagi qarshilik bilan izohlaydi.

“Juda katta mahorat, katta talant, katta bilim, aniq tarozisi bo’lishi kerak prezidentda. To’g’ri o’lcham bo’lgandagina davlatda ishlar yaxshi ketadi. Hamma narsani qamrab olish endigina bir necha oy ishlagan inson uchun oson emas. Harakat qilayapti, ammo, menimcha, ayol kishi sifatida ojizlik qilayotganga o’xshaydi”, - deydi muallima opa.

“Boshqaruv tizimining tuturiqsizligi oqibatida kriminal dunyo sekin-sekin siyosatga kirib olib, oxir-oqibat davlat apparatigacha yetib bordi. Hozir uyushilgan jinoyatchilikka qarshi kurash e’lon qilindi. Nahanglari qo’lga olingani yo’q, ammo boshlangan ishlar odamlarga umid bag’ishlamoqda. Buyog’ini kelajak ko’rsatadi”, - deydi yozivchi Habibillo Idrisov.

Joriy yil oxirida Qirg’izistonda prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Roza Otunbayeva o’z nomzodini qo’ymasligini aytgan.

Saylovoldi jarayoniga rasmiy start berilmagan bo’lsada, siyosatchilar hozirdan oliy lavozim uchun kurashga asta-sekin kirishayotgani ko’zga tashlanadi.

Bishkeklik siyosatshunos Orozbek Moldaliyev “prezident bo’laman, deganlar oz emas” deydi.

“Ota-Yurt partiyasi yetakchilaridan biri Qamchibek Toshiyev “prezidentlikka nomzodimni qo’yaman va albatta yengib chiqaman”, deb aytgan. Jurnalistlar bosh vazir Almaz Atambayev rejalari bilan qiziqqanda, u “o’ylab ko’ramiz”, degan. Marat Sultanov ham o’z nomzodini qo’yishi mumkin. Parlamentga o’ta olmagan 29 siyosiy partiyadan 5-6 nomzod mablag’ to’plab chiqishi mumkin”, deydi u.

Yozuvchi Habibillo Idrisov nazarida nomzodlarning taqdiri mamlakatdagi iqtisodiy-siyosiy ahvolning naqadar o’nglanishiga bog’liq.

“Menimcha, birinchi navbatda hozirgi parlamentdagi partiyalar mustaqil yoki birlashgan holda nomzodlarini qo’yadilar. Ammo vaqt oz qolayotir. Iqtisodiy hayotda ijobiy siljishlar bo’lsa boshqaruvdagi kuchlar saylovda g’alaba qozonishi tayin. Yo’qsa, boshqa kuchlar vakili davlat rahbarligiga kelishi mumkin”, - deydi yozuvchi.

G’ala-g’ovurdan charchagan oddiy odamlar katta amalni ko’zlamayotgan Roza Otunbayevadan o’lkada barqarorlik va osoyishtalik o’rnatishda shijoat hamda matonat kutadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG