Breaking News

AQShda 680 noqonuniy muhojir hibsda


Los-Anjeles
Los-Anjeles

Ichki xavfsizlik vazirligining bildirishicha, o'tgan kunlar ichida Qo'shma Shtatlar bo'ylab 680 migrant hibsga olingan. Ular mamlakatda zarur hujjatlarsiz yurgan va jinoiy tarixga ega.

Ichki xavfsizlik vaziri Jon Kelli deydiki, tintuvlar - normal holat bo'lib, yaqinda qo'lga tushganlarning 75 foizi azaldan qidirilgan odamlar. Reydlar Los-Anjeles, Chikago, Atlanta, San Antonio va Nyu-Yorkda o'tkazilgan.

Hibsdagilar, deydi Kelli, qotillik va jinsiy tajovuzlarda yoki bunday jinoyatlarga aloqadorlikda gumon qilingan shaxslar.

Tramp ma'muriyatining bildirishicha, Amerikada qonuniy ishlab va yashab yurgan immigrantlar nishonga olinmaydi lekin agar noqonuniy yurgan bo'lsangiz, bilingki, tegishli organlar sizni izlamoqda.

Ichki xavfsizlik vaziri Jon Kelli Prezident Tramp bilan
Ichki xavfsizlik vaziri Jon Kelli Prezident Tramp bilan

Prezident Donald Tramp Oq uy uchun kurash paytida "hujjatsiz muhojirlar ketiga tushamiz", deya va'da bergan edi. Shunday ekan, deydi rasmiylar, bu va'da bajarilishiga guvoh bo'lasiz.

AQShda taxminan 11 million noqonuniy immigrant bor.

"Biz jinoyatchilarni tutamiz. Qoradori savdogarlarini ovlaymiz. Yomon odamlardan qutulish kerak. Xalqimiz bundan xursand bo'lishi tayin", - deydi Tramp.

Noqonuniy muhojirlarga qarshi kurash kuchayishidan hayron bo'lmaslik kerak, deydi prezident, Amerika bedarvoza yurt emas.

Barak Obama prezidentlik davrida ham shunday reydlar o'tkazilgan va yiliga yarim millionga yaqin migrant deportatsiya qilingan.

Norozi tomonlar nazarida esa hukumat muhojirlarni haydab ularning Amerikada dunyoga kelgan, voyaga yetgan, bilim olib, jamiyat uchun xizmat qilayotgan odamlarni yaqinlaridan ayirmoqda. Ko'plab immigrantlar allaqachon Amerikada chuqur ildiz otib bo'lgan va noqonuniy yashagan bo'lsa-da, aksariyat hollarda Amerika taraqqiyoti uchun hissa qo'shib kelgan insonlar, deydi faollar.

Tramp deydiki, organlar 2-3 million muhojirni nishonga olmoqda. Chunki ular jinoyatlarda gumon qilingan yoki aybdor ekani allaqachon isbotlangan shaxslar, deydi prezident.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG