Mikroneziya, Marshall Orollari va Palau rahbarlari AQSh Kongressidan “Erkin uyushma shartnomalari” deb nomlanuvchi muhim kelishuvni moliyalashtirishni jonlantirishni so’rab keladi. 20 yilga mo’ljallangan 7 milliard dollarlik bitim doirasida AQShga ushbu uchta oroldan foydalanish huquqini beradi.
AQSh Kongressida Amerikaning Tinch okeani orolida faolligini ta’minlash, Tayvanni qo’llab-quvvatlash va Xitoyga qarshi turish yo’llari muntazam ravishda muhokama etiladi. Biroq Mikroneziya, Marshall Orollari va Palau bilan imzolangan “Erkin uyushma shartnomalari”ga pul to’xtab qolgan.
Tinch okeani bo’yida joylashgan bu orollar kelishuv doirasida 20 yil davomida AQShdan 7 milliard dollarga teng iqtisodiy yordam olishi ko’zlangan. Bitim Qo’shma Shtatlarga hududda kengroq faoliyat yuritishga imkon beradi, orol davlatlar esa o’z bo’yniga Xitoy bilan harbiy hamkorlikdan voz kechish majburiyatini olgan.
Kongressdagi konservativ qonunchilar xarajatlarni kesishni talab qilarkan, har ikki partiya vakillarining xayrixohligiga qaramay, COFA deb nomlanuvchi kelishuv Senat qabul qilgan xavfsizlikka doir qonundan chiqarildi.
Vakillar palatasi Tashqi aloqalar qo’mitasining raisi Maykl Makkol COFA uchun moliyani jonlantirishga tayyor ekanini aytadi.
“Bu Tinch okeani siyosatimizning muhim qismi ekan, qonundan Xitoy Kommunistik partiyasiga qarshi turishga kerakli pul olib tashlanganini tushunib yetmayapman”, - deydi respublikachi kongressmen.
21-fevral kuni 48 ta qonunchi, jumladan 28 nafar respublikachi va 20 ta demokrat quyi palata spikeri Mayk Jonsonga maktub yo’llab, orol davlatlar uchun pulni keyingi qonun loyihasiga kiritishni so’ragan. Aks holda, deyiladi maktubda, Qo’shma Shtatlar Tinch okeanida o’zi uchun halokatli bo’lgan sovg’ani Xitoyga hadya qilgan bo’ladi.
Palau Prezidenti Surangel Vipsning aytishicha, Pekin harakatsizlikning har bir daqiqasidan foyda ko’rmoqda.
“Xitoy juda strategik siyosat yuritadi. Bu esa bizga qiyinchiliklar tug’diradi. Bizga turli takliflar bilan chiqishadi”, - deydi Vips.
Jumladan, deydi Palau rahbari, Pekin orolga badavlat xitoylik sayyohlarni yuborishni, mahalliy aholini ish bilan ta’minlashni va’da qiladi.
AQSh hududi hisoblangan Shimoliy Mariana Orollari Hamdo'stligini boshqaruvchi Arnold Palasios Xitoy qanday siyosat yuritishini yaxshi bilishini aytadi.
Unga ko’ra, Xitoyning iqtisodiy bosimiga qarshi turish uchun AQSh Tinch okeanidagi orollarga moliyaviy yordam ko’rsatishi zarur.
“Mamlakat sifatida faol bo’lib, kerakli yordam bilan ta’minlashimiz kerak, chunki bu juda muhim”, - deydi u.
Nafaqat ushbu orollar uchun, balki AQSh milliy xavfsizligi uchun ham muhim, deydi Palasio.
“Marshall orollarida raketa sinovi uchun poligon bor, AQShning o’nlab yillik sarmoyasi yordamida qurilgan harbiy inshootlar bor. Marshall orollari bizdan yuz o’girishini bir tasavvur qiling-a!”, - deydi u.
Orol davlatlar Kongress “Erkin uyushma shartnomalari” uchun pulni mart boshida tiklashiga umid qilmoqda.