Breaking News

Afg'oniston va Pokiston rahbarlari Londonda muloqot qildi


Pokiston, Afg'oniston va Britaniya rahbarlari Osif Ali Zardariy, Hamid Karzay va Deyvid Kameron Londonda Afg'oniston-Pokiston muzokaralari oldidan, 3-fevral, 2013-yil
Pokiston, Afg'oniston va Britaniya rahbarlari Osif Ali Zardariy, Hamid Karzay va Deyvid Kameron Londonda Afg'oniston-Pokiston muzokaralari oldidan, 3-fevral, 2013-yil
Bugun Londonda Afg’oniston va Pokiston rahbarlari muzokara qildi. Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron kecha Hamid Karzay va Osif Ali Zardariy bilan norasmiy muloqotda bo’ldi. Bu o’tgan yil iyulidan beri uch rahbar o’rtasidagi uchinchi uchrashuv edi.

London muzokaralariga ilk bor armiya va razvedka vakillari jalb etildi. Bundan tashqari muloqotda tashqi ishlar vazirlari ham qatnashdi. Tomonlar sentabr oyida Nyu-Yorkda strategik bitim tuzish haqida fikr almashgan, Londonda shu masala muhokamasi davom etdi.

Muloqot chog'ida Karzay va Zardariy kelasi olti oyda afg'on tinchlik jarayoni bo'yicha bitimga kelishishga va'da berdi.

AQSh va NATO kuchlari 2014-yil oxirigacha Afg’onistonni tark etishi kutilar ekan, Britaniya Pokistonni mintaqaviy barqarorlik yo’lida faolroq harakat qilishga, tinchlik jarayoniga o’z hissasini qo’shishga chaqirib keladi. G’arb davlatlari nazarida Tolibon Pokiston razvedkasi nazorati ostida va jangarilar yetakchilari shu mamlakatda yashaydi. Rasmiy Islomobod jangarilar bilan tili bir ekanini inkor etib keladi.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzayning kecha britan matbuotiga aytishicha, mamlakat janubidagi Hilmand viloyati 2006-yildan oldin, ya’ni AQSh va Britaniya qo’shinlari u yerga bormasidan avval ancha xavfsiz joy edi.

Karzay fikricha, xalqaro kuchlardan boshqa viloyatlarda ko’proq foyda bo’lar edi. “G’arb maqsadlari bilan ishimiz yo’q, shunchaki yurtimizni tezroq tiklab olishni istaymiz”, dedi Karzay.

Afg’oniston rahbari mojaroni Tolibon bilan muloqot orqali hal qilish kerak, deydi. Buning uchun oliy tinchlik kengashi tuzilgan. Pokiston, hatto, muzokarada ishtirok etishi uchun so’nggi oylarda 20 tolibni hibsdan ozod etgan.

Biroq jangarilar xorijiy kuchlar mamlakatdan ketmaguncha, gaplashmaymiz, degan. Shunga qaramay ayrim xabarlarga ko’ra, afg'on rasmiylari toliblar bilan xufyona uchrashmoqda.

Londondagi uchrashuvda Kameron Tolibonning Qatarda muzokara uchun vakolatxona ochish rejasini olqishladi. Karzayning aytishicha, Pokiston bilan munosabatlar yaxshilangan sari muloqot mahsuli ravshanroq bo’ladi.

“Quruq hujjat bilan Afg’onistonda tinchlikni o’rnatib bo’lmaydi. Beqarorlikni keltirib chiqargan, ichki siyosatga aralashgan tashqi kuchlar muzokaralarga aralashsagina, ulardan foyda bo’ladi”, - dedi Karzay britan matbuotiga.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG