Breaking News

Afg'oniston - Pokiston munosabatlarida yangi sahifa ochiladimi?


Afg'onistanning Pokistondagi elchisi Janon Musazoy
Afg'onistanning Pokistondagi elchisi Janon Musazoy

Pokiston qo’shni Afg’onistonda yangi rahbariyat ishga tushganidan mamnun va u bilan hamkorlikka shay.

Afg'oniston-Pokiston rishtalarida yangi sahifa ochilayaptimi? Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:22 0:00
Yuklab oling

Pokistonning Afg’oniston bilan munosabatlari Hamid Karzay prezidentligining so’nggi oylarida ancha taranglashdi. Karzay qo’shni davlat razvedka xizmatini Tolibon va boshqa isyonchi guruhlarga yordam berayotganlikda ayblagan edi. Islomobod bunday iddaolarni inkor etgan.

O’z navbatida Pokiston rasmiylari Kobulni unga qarshi jangarilarga panoh berganlikda aybladi. Buning oqibatida harbiylarga hujumlar ko’paygani da’vo qilinadi.

Bosh vazir Navoz Sharifning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Sartoj Aziz deydiki, Afg’onistonning yangi rahbari Ashraf G’ani hamda uning o’rinbosari Abdulla Abdulla bilan muloqot boshlangan.

“Hokimiyat tinch yo’l bilan almashdi va demokratik saylovlar natijasida yangi odamlar hokimiyatga keldi. Ayni vaqtda pashtunlar va tojiklar u yerda o’z vakillariga ega. Bu esa taraflarning yarashishi uchun yaxshi qadam, chunki bu hukumat kuch-qudrati va salohiyati manbaidir. Bu holda u boshqa guruhlar bilan bemalol muloqot qila oladi”.

Bu gapi bilan Pokiston rasmiysi Afg’oniston va NATO qo’shinlariga qarshi kurashayotgan Tolibon va Hizb-ul-Islomiy jangari guruhlarini nazarda tutadi.

Toliblar Pokistonda panoh topgan ekan, Islomobod tinchlik o’rnatishda sezilarli rol o’ynashi kerak bo’ladi. Tomonlar buni tan oladi.

Sartoj Aziz, shuningdek, yangi afg’on prezidenti Pokiston bilan chegara nazoratini kuchaytirish masalasini hal etadi, degan umidda.

“Tinchlik jarayoniga afg’onlar bosh-qosh bo’lsin. Biz esa qo’limizdan kelganicha ko’maklashishga tayyormiz. Ammo bu jarayon qanday kechishi va biz qanday yordam berishimiz mumkinligini Afg’oniston hal qilishi lozim. Ular strategiya ishlab chiqqanida biz albatta yordam qo’lini cho’zamiz,” - deydi Sartoj Aziz.

Pokiston Afg’oniston va AQSh o’rtasidagi xavfsizlik bitimini ijobiy baholaydi, deydi Aziz. Natijada afg’on qo’shinlari puxta tayyorgarlikdan o’tadi. Mamlakat iqtisodini rivojlantirish uchun xalqaro hamjamiyatdan moliyaviy yordam ajratiladi. Bu esa ijobiy jarayon, deydi Islomobod rasmiysi.

Afg’onistonning Pokistondagi elchisi Janon Musazoy ham shu fikrda.

“Prezident Ashraf G’ani e’tiborni Afg’oniston va Pokiston o’rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratadi, chunki bugungacha asosan savdo rivojlandi. Demak, yangi afg’on hukumati iqtisodiy rishtalarni mustahkamlashi kerak. Ayni vaqtda ikki mamlakatga katta ta’sir qilayotgan terrorchilik va ekstremizmga qarshi birga kurashamiz,” - deydi u.

Afg’on elchisi deydiki, Kobuldagi yangi hukumat Pokistondan mintaqadagi terrochilarni yo’q qilishga qaratilgan harakatlarni muvofiqlashtirishni kutmoqda. Chunki bu chegaraning ikkala tarafida tinchlik va barqarorlikning qaror topishida asosiy rol o’ynaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG