Pokistonda hazoralar qanday yashamoqda?

  • Amerika Ovozi

Hazoralar Pokistonda sunniyi jangarilar tomonidan hujumga uchrab turadi

Pokistondagi sunniy jangari guruhlar shialarni yo’ldan adashgan musulmonlar deb, mamlakat bo’ylab e’tiqodi uchun nishonga olib keladi. Hazoralar ham ana shunday hujumlardan istisno emas. Hukumat ularni qo’shimcha himoya bilan ta’minlamoqda, ammo bu choralar hazoralar iqtisodiy imkoniyatlari va shaxsiy erkinliklarini cheklab qo’ymoqda.

Ali Xaris oliy ma’lumot olib, yaxshi ish topishni orzu qilgan edi. Biroq maktabni bitirgach unda bunday imkoniyat bo’lmadi. Universitetga qatnash uchun hazoralar uchun xavfli hududlardan o’tish kerak edi.

“Shu sabab sinfdoshlarimning 70-80 foizi oliy o’quv yurtiga kirish g’oyasidan voz kechdi. Ba’zilari bu yerlardan ko’chib ketdi. Qolganlarining esa ishini tayini yo’q”, - deydi u.

21 yashar Ali shia bo’lib, yillar davomida sunniy jangarilar ularni Pokistonda nishonga olib kelgan. Jangarilar uchun hazoralarni tanish ham, topish ham oson. Ularning qonida mo’g’ullar ham, markaziy osiyoliklar ham bor. Ular, asosan, Balujiston viloyatining poytaxti Kvetta shahridagi ikki yirik mahallada turishadi. So’nggi 10 yilda yuzlab hazora o’ldirilgan.

Mahalliy qabristonda suiqasd xurujlari va boshqa turdagi hujumlarda qurbon bo’lganlarning ko’plab qabrlarini uchratish mumkin. Zo’ravonliklar bu elat turmushiga katta zarba bo’ldi.

2013-yilda yuzlab hazoralar qator xurujlarda nobud bo’lganidan so’ng hukumat ularni qo’shimcha himoya bilan ta’minladi. Hazoralar yashaydigan hududlarga kirishda nazorat punktlari o’rnatildi, ba’zi joylarda qalin devorlar qurildi. Shundan so’ng hazoralarga qarshi hujumlar kamaydi, biroq himoya choralari ularning turmushini cheklab qo’ydi.

“Iqtisodiy jihatdan bo’g’ib qo’yishdi bizni. Shahar bo’ylab ko’plab do’konlarimiz bor edi, birortasi qolmadi. Transport biznesimiz ham bor edi. Hozir esa mahallamizdan chiqolmay qoldik”, - deydi Hazora Demokratik partiyasi a’zosi Ahmad Ali Ko’hzod.

Kvettadagi hazoralarga ko’ra, hukumat ko’rayotgan choralar muammoni hal qilayotgani yo’q. Islomobod hazoralar uchun xavfsiz rayonlar va yo’llar belgilagan, ammo shaharning ayrim qismlari ular uchun xavfli hisoblanadi va bu rayonlarda ishlagan odamlar ishini tashlashga majbur bo’ldi.

“Mahallamizdan chiqolmay qoldik, asirlar kabimiz”, deydi ular. Oqibatda yoshlar arosatda qolgan – na o’qishini davom ettira oladi, na ishga kira oladi. Oilasini boqaman deb niyat qilgan hazoralar o’zi yordamga muhtoj bo’lib qolgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG