Breaking News

Pokiston Kerry tashrifiga katta umid bog'lamoqda


AQSh davlat kotibi Jon Kerri
AQSh davlat kotibi Jon Kerri
Pokistonda bosh vazir Navoz Sharif boshchiligidagi yangi hukumat AQSh bilan qo’shma aksil-terror amaliyotni o‘tkazish bobida turlicha fikrda bo’lsa-da, bu mamlakat bilan iqtisodiy, savdo va siyosiy aloqalarni kuchaytirmoqchi. Davlat kotibi Jon Kerri shu hafta Pokistonda bo’lib, bu hamda xavfsizlik masalalari, Afg’onistondagi vaziyat xususida gaplashadi.

Pokiston AQShning terrorga qarshi urushda eng muhim hamkorlaridan biri bo’lib kelgan, garchi o’rtaga ayrim ziddiyatlar aralashgan bo’lsa-da. Masalan, Islomobodning Afg’onistonda Karzay hukumatiga qarshi kurashayotgan Tolibon bilan aloqalarni uzmagani haqidagi da’volar.

Afg’oniston tinchligi har ikki davlat manfaatida ekan, tomonlar Kobul va Tolibon o’rtasida tinchlik muzokaralarini boshlash maqsadida so’nggi oylarda hamkorlikni kuchaytirgan. Bu boradagi harakatlar hozircha samara bermayapti, ammo Pokiston rasmiylari AQSh davlat kotibi Jon Kerri Afg’oniston prezidentiga bosim qo’yib, jarayonga turtki bera oladi deya, uning tashrifiga umid bilan ko’z tikmoqda. Hamid Karzay iyun oyida Qatarda Tolibon idorasining ochilishiga qarshi chiqqan edi.

Afg’onistonda xorijiy qo’shinlar chiqqanidan so’ng tinchlik qaror topmasa, siyosiy tizim barqaror bo’lmasa, birinchi navbatda bundan Pokiston zarar ko’radi, deydi bu davlat taraqqiyot vaziri Ahsan Iqbol.

Masalan, deydi u, 1980-yillardagi Sovet istilosi va 1990-yillardagi fuqarolik urushi natijasida Afg’onistondan qo’shni Pokistonga salkam to’rt million odam qochgan. Uch million afg’on qochqinlari hali ham Pokistonda yashamoqda, bu esa bu yurt iqtisodiyotiga og’ir tushyapti. Ahsan Iqbol jangarilar faolligini ham qochqinlar mavjudligi bilan izohlaydi.

"Pokiston, AQSh va NATO davlatlari yaqindan hamkorlik qilib, Afg’onistonda o’tish jarayoni tinch bo’lishini ta’minlashi kerak. Mening xavotirim qo’shinlar olib chiqiladigan 2014-yil emas, balki undan keyingi davr. Chunki so’nggi 10 yilda Afg’onistonda urush tufayli iqtisodiyot oyoqqa turdi. Ammo xorijiy askarlar mamlakatdan chiqgudek bo’lsa, iqtisodiyot qulab, tizim parchalanib ketadi. Agar Pokistonga Afg’onistondan yana qochqinlar yoki ishsiz yoshlar kelishni boshlasa, buning oqibati yaxshi bo’lmaydi", - deydi vazir.

Ahsan Iqbolning aytishicha, AQSh bilan iqtisodiyot, energetika va savdo bobida munosabatlarni mustahkamlash Pokiston uchun juda muhimdir. Pokiston-Xitoy aloqalarining kuchayishini AQSh bilan hamkorlikdan voz kechish deb bilmaslik kerak, dedi u.

"Hamkorlikning ayrim jabhalarida Amerikaning o’rnini hech kim bosolmaydi. Masalan, Qo’shma Shtatlar Pokiston to’qimachilik mahsulotlarining eng yirik importeridir. AQSh universitetlarida tahsil olish imkoniyatlarini ham boshqa davlatlarga qiyoslab bo’lmaydi. Yanada ko’proq yoshlarimiz Amerika oliy o’quv yurtlarida o’qisin deymiz. Qo’shma Shtatlar Pokiston iqtisodiyotidagi eng yirik sarmoyador bo’lib, bu boradagi hamkorlikni kuchaytirmoqchimiz", - dedi Pokiston vaziri.

Bu davlat rasmiylarining umid qilishicha, Kerrining tashrifi 2006-yildan beri to’xtab qolgan ikki tomonlama strategik muloqotni jonlantirishga yordam beradi. Dialog Pokistonning terrorga qarshi urushda ko’rgan moliyaviy zararini qoplash maqsadida boshlangan edi. Biroq Qo’shma Shtatlar ikki yil oldin Pokiston hududida mezbon davlat bilan mashalatlashmay Osama bin Ladenga qarshi maxfiy amaliyot o’tkazgach, Islomobod muloqotni to’xtagan edi.

Bu davlat hisobicha, AQSh boshlagan terrorga qarshi urushga qo’shilish oqibatida 40 mingdan ziyod pokistonlik nobud bo’lgan, beqarorlik natijasida mahalliy iqtisodiyot milliardlab dollarlik zarar ko’rgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG