Breaking News

Pokiston vaziri: Tolibonga siyosatda o'rin yo'q


Tolibon va hukumat o'rtasida o'tgan muzokaradan, Islomobod, 6-fevral, 2014-yil.
Tolibon va hukumat o'rtasida o'tgan muzokaradan, Islomobod, 6-fevral, 2014-yil.
Pokiston vazirlaridan birining aytishicha, hukumat bilan tinchlik muzokaralari olib borayotgan mahalliy Tolibon jangarilari mintaqa siyosiy hayotidan ulush istayotgani to'g'ri, ammo ularning bu talabi bajarilmaydi.

Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif uzoq yillar davom etgan va minglab odamlar hayotiga zomin bo’lgan zo’ravonliklarka chek qo’yish maqsadida mahalliy Tolibon guruhi bilan tinchlik muloqoti boshlagan edi.

Jangarilar Pokistonning, asosan, qabilaviy elatlar yashovchi shimoli-g’arbiy hududlarida faol. Ular shu yerdan turib Afg’oniston ichida ham hujumlar uyushtirishi aytiladi.

Pokiston viloyatlari va chegaralari bo'yicha vazir Abdul Qodir Baluchning aytishicha, o’tgan 10 yil ichida jangarilar faoliyatining kuchayishi hamda ularga qarshi armiya olib borgan kurash natijasida chegara yaqinidagi federal hududlarda davlat nazorati zaiflashgan. Hukumat bu chegara hududlarida o’z nazoratini qayta o’rnatishga urinmoqda. Tinchlik muloqoti ana shu jarayonning bir qismidir, deydi rasmiy.

Baluch, shuningdek, Tolibonning siyosiy talablari bajarilmasligini ta'kidlaydi. Chunki ular qotillardir, deydi u.

“Tolibon hatto bugun ham bu hududlarning kelajakdagi boshqaruvida o’z o’rniga ega bo’lishni so’rayapti. Sakkiz-to’qqiz oylik vazirlik faoliyatim davomida o’rgangan narsam shuki, ularga bu jamiyatga o’rin yo’q. Ularning shartlarini bajara olmaymiz”, - deydi vazir.

Baluchga ko'ra, markaziy hukumat Tolibon bilan murosa yo’lini topgan taqdirda ham mahalliy aholining bu jangarilar bilan kelisha olishi dargumon.

“Tolibon yuzlab odamlarni o’ldirdi. Qabilaviy elatlarda qasos olish odati bor. O’limlar uchun qasos olish jarayoni boshlanadi. Shuning uchun zo’ravonlikka yechim topilgan taqdirda ham, odamlarni o’ldirgan, ularni uylaridan surib chiqargan va bu xalqqa ko’plab tashvish keltirgan Tolibon jangarilari uchun bu yerda joy yo'q”, - deydi Baluch.

Bosh vazir Navoz Sharifning tinchlik muloqoti mamlakat ichida ham, tashqarida ham ko’plab tanqidlarga sabab bo’ldi. E’tirozchilar fikricha, Sharif muloqotning qanday asoslarga ko’ra olib borilayotgani haqida aniq ma’lumot bermayapti.

Tanqidchilar, shuningek, hukumatning ekstremistlar bilan tinchlik sulhi tuzishiga qarshi.

Sharif va uning maslahatchilari esa tinchlik muloqotini himoya qilib, Tolibonga qarshi harbiy hujum boshlashdan avval, muammoni tinch yo’l bilan hal etishning barcha mavjud imkoniyatlarini ishga solish lozimligini aytmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG