Breaking News

AQSh Pokistondan havo hujumlari uchun kechirim so'ramoqchi emas


Pokistonda Amerikaga qarshi namoyishlar
Pokistonda Amerikaga qarshi namoyishlar

Amerika Pokistonda havo hujumlari uchun kechirim so’rashdan bosh tortar ekan, hamkorlik kelajagi haqida muzokaralar samarasiz tugagan.

AQShning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus vakili Mark Grossman ikki kun davomida Islomobodda bu davlat rahbarlari bilan gaplashgan. O’tgan yilning noyabr oyida Amerika havo hujumlarida 24 zobit o’lgan edi. Afg’oniston bilan chegaradosh hududda yuz bergan voqea oradagi boshqa kelishmovchiliklarni yanada kuchaytirgan.

Vashington nazarida Afg’onistonda qaqshatqich xurujlar uyushtirayotgan Haqqoniy tizimi Pokiston bilan zimdan hamkorlik qiladi. Razvedka ma’lumotlariga ko’ra, bu to’da chegarada mahkam joylashib olgan va Pokiston unga hujumlarga monelik qilib kelmoqda.

Islomobod NATOga yuk tashiladigan yo’llarni yopib qo’ygan. Norozi Vashington Pokistonga 3 milliard dollarlik yordamni ushlab turibdi. Bu tezlikda hal bo’ladigan masala emas, deydi rasmiylar.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta fikricha “Al-Qoida” hamon katta xavf va uni bir yo’l bilan yo’q qilish mumkin emas. Ammo, deydi u, tashkilot asoschisi va rahnamosi Osama bin Laden o’ldirilgani terrorchilar uchun ulkan zarba bo’lgan.

Leon Panetta, AQSh Mudofaa vaziri
Leon Panetta, AQSh Mudofaa vaziri
“Al-Qoida” mafkuraviy rahbarlaridan ayrildi, deydi Panetta, shu kungacha yo’q qilingan boshqa liderlarga ham ishora qilib.

Endilikda terrorchilar yolg’iz harakat qilmoqda. Bir odam katta sonda aholini o’ldirishni rejalagan hollar ko’p uchramoqda. O’tgan oy Fransiyada bir kishi o’t ochib, ommani yoppasiga qirgani bunga misol, deydi Panetta.

Afg’onistonning Qandahor viloyatida mahalliy xavfsizlik kuchlari ikki jangarini o’ldirgan. Ular o’zini portlatishga tayyorlanayotgan bo’lgan, deydi rasmiylar.

Harbiylarning bayon qilishicha, bu odamlar viloyat hokimining idorasiga kirgan. Soqchilar bilan o’q almashgan. Maxsus xizmat xodimlari nishonidan halok bo’lgan.

Tolibon ular bizning odamimiz edi deya tan olmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG