Breaking News

Pokistonda yashovchi o’zbeklar haqida nima bilasiz?


Pokistonda minglab o’zbeklar yashaydi. Ularni ikki guruhga bo’lish mumkin. 20-asr o’rtalarida qariyb 5000 oila Hindistondan Pokistonga o’tgan. Ularning deyarli barchasi keyinchalik Turkiyaga muhojir bo’lib jo’nab ketgan. Pokistonda yashovchi o’zbeklardan bo’lgan ijtimoiy faol A’zam Hoshimiyning sa’y-harakatlari bilan ular Turkiya hukumati tomonidan qabul qilingan.

Pokiston o'zbeklari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:54 0:00

A’zam Hoshimiyning o’g’li O’g’uz Hoshimiy bugungi kunda Pokistonning Ravalpindi shahrida istiqomat qiladi. 71 yoshli otaxon Pokistonga o’tgan asr o’rtalaridan borgan o’zbeklardan faqat 20 oila qolganini, boshqalari Turkiyaga ko’chib ketganini aytadi.

“Eng oxirgi marta otam Turkiya elchisi bilan gaplashib, 10 nafar turkistonlik muhojirlarni Turkiyaga jo’natdilar. 1972-yili otam men bilan gaplashayotgan chog’i Turkiyaga ketishimizni aytgan edi. Hech bo’lmasa tilimiz yo’qolmaydi, degandi. Lekin oradan 6-7 oy o’tib dadam vafot etdilar. Hozir 20 oila o’zbek qolgan (20-asr o’rtalarida borgan o’zbeklardan), ular tillarini umuman unutganlar. O’zimni aytadigan bo’lsam, bolalarim o’zbek tilini bilmaydi”, - deydi O’g’uz Hoshimiy.

Suhbatdosh Turkiyaga borganida o’sha o’zbek oilalar bilan uchrashgan. A’zam Hoshimiyning vafotidan so’ng qolgan o’zbeklar, jumladan uning oilasi ham Pokistonda qolib ketadi. Bu davlat fuqaroligini olgani sabab barcha huquqlardan bahramand.

Lekin 1980-yillarda Afg’onistonning turli viloyatlaridan Pokistonga borgan o’zbeklar og’ir ahvolda yashaydi. Mir Muhammad Ulus Afg’onistoning Bag’lon viloyatidan borgan, hozir 39 yoshda. U Pokistonda hatto maktabga qatnash nasib qilmaganini aytadi.

Suhbatdoshga ko’ra, muhojir o’zbeklarning aksariyati Kvetta shahrida yashaydi.

“Hayot hammaga bir baravar emas. Afg’onistonning Bag’lon viloyati, Hasantol hududidan kelganmiz. Muhojir bo’lishimizga urush sababchi bo’lgan. Ruslar Afg’onistonga bostirib kirganida hukumat tarqalib, odamlar har yoqqa qochishgan”, - deydi u.

Pokistonda yashayotgan o’zbeklarning ko’pchiligi mardikorlik qilib kun kechiradi. Urf-odatlarni saqlab qolish qiyinlashgan, deydi Mir Muhammad. Pokiston Bosh vaziri Imron Xon bu yerda tug’ilgan Afg’onistonlik muhojirlarga pasport berilishini va’da qilgan edi. Hozirgacha hech kim bunday hujjatni qo’lga kiritmagan.

“Tijorat qiladiganlarning tirikchiligi ancha yaxshi. Mardikorchilik bilan mashg’ul odamlarning ahvoli ancha og’ir. Bir kun topsa, ikki kuni topa olmaydi”, - deydi Mir Muhammad.

Pokiston xalqi muhojirlar bilan yaxshi muomalada. Nur Muhammad ismli yana bir suhbatdosh Pokistonda tug’ilgan, 33 yoshda. Uning aytishicha, odamlarning oylik daromadi 100-150 dollarni tashkil qiladi, yashashga yetarli emas. Muhojirlar bolalari o’qishga kira olmaydi. Hukumat maktablari ular uchun yopiq, xususiy maktablarga berishga oilalarning qurbi yetmaydi.
“Bolalarni xususiy maktabga o’qishga qo’yish uchun har oyda 45-50 dollar kerak”, - deydi suhbatdosh.

“Bir odam oyida juda ko’p ishlasa 150 dollar topadi. Bugun topamiz, bugun yeymiz”, - deydi Nur Muhammad.

Kvettadagi o’zbek oilalar guruh-guruh bo’lib yashaydi. Ularning Pokistondan boshqa joyga ko’chishga imkoniyati yo’q.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG