Breaking News

Yil sarhisobi: Pokistonda zo'ravonlikka qarshi faol yoshlar ko'paygan


Ta'lim huquqi faoli Malala Yusufzoy bugun Pokiston yoshlarining xalqaro qiyofasiga aylangan.
Ta'lim huquqi faoli Malala Yusufzoy bugun Pokiston yoshlarining xalqaro qiyofasiga aylangan.
2013-yilda Pokistonda 4000 dan ortiq fuqaro va xavfsizlik xodimi terror hujumlari qurboni bo’ldi. Zo’ravonlikni kamaytirishga qaratilgan siyosiy va harbiy kampaniyalar deyarli samara bermadi. Ammo radikal kuchlar bilan, hatto, Pokistonning qabilaviy hududlarigacha borib muloqot o’rnatishga urinayotgan tinchlikparvar guruhlar orasida yoshlar ko’paymoqda.
Pokistonning tinchlikparvar yoshlari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:48 0:00
Yuklab oling
Shu yili Tolibon o’qiga uchgan ta’lim huquqlari faoli Malala Yusufzoy bugun Pokiston yoshlarining xalqaro qiyofasiga aylangan.

Hozir mamlakatda u kabi ijobiy o’zgarish yasash ishtiyoqida bo’lgan yoshlar soni ortmoqda.

Hatto qonunlar amal qilmaydigan va tez-tez zo’ravonliklar yuz berib turadigan shimoli-g’arbiy hududlarda ham yosh yigit-qizlar muammolarni muloqot orqali hal qilishga chaqirmoqda.

Universitet talabasi Muhammad Foruq Afridiy qabilalar o’rtasidagi nizolarni hal qilishning yangi yo’llarini targ’ib etayotgan yoshlardan biri.

“Odamlarda sabr yo’q. Bir-biriga quloq solmaydi. Men ularga sabrli bo’lish va bag’rikenglikni o’rgatishga harakat qilyapman. Odamlar yechim topish o’rniga qasos olishga urinadi. Hatto buning oqibati yomon bo’lishini va qasos olish tugamaydigan jarayon ekanini bilsa ham”, - deydi u.

Bunday hududlarda ekstremist kuchlarning yoshlarni o’z safiga yollashi ko’p kuzatiladi. Jamiyat ishlarida ishtirok eta olmaslik, qonun ustuvorligining zaifligi hamda qabilaviy yashash tarzi va davlatning nazorat qilishga bo’lgan urinishi o’rtasidagi ziddiyat buning asosiy sabablaridan, deydi BMT vakili Mark-Andre Fransh.

“Pokistonda menga umid baxsh etgan eng muhim jihatlardan biri bu o’zgarish yasashga urinayotgan yoshlar bilan uchrashish bo’ldi. Ular vaziyatni o’zgartirishga urinmoqda”, - deydi u.

Afridiy ham Malala Yusufzoy kabi ta’limning asosiy yechim quroli ekaniga ishonadi. Uning aytishicha, bu yerda Malala kabi namuna bo’la oladigan yoshlar ko’p. Ammo ular ochiq gapirish imkoniyatiga ega emas.

Ko’plab nodavlat tashkilotlar Arshad Hamid kabi tinchlikparvar yoshlar uchun treninglar tashkil etmoqda.

Hamidning aytishicha, o’zi yashaydigan Hangu shahrida shia va sunniy musulmonlar o’rtasida zo’ravonlik tez-tez uchrab turadi.

“Mazhablararo ziddiyat odamlarni qo’rquvga solgan. Ular ko’chada yoki o’z ishlari bilan yurganda, hatto oddiy ijtimoiy munosabatlarda ham o’zlarini xavfsiz sezmaydi. Ko’chaga chiqqanda o’lishdan qo’rqadi”, - deydi u.

Islomoboddagi yoshlar yig’inida Hamid tengdoshlari bilan jamiyatda o’zaro hamjihatlik va tinchlikni targ’ib etish yo’llari haqida bahs yuritmoqda.

Ular qilayotgan ish hali juda kichik, ammo Pookistonning kelajak avlodi eski muammolarni yechishning yangi yo’llarini qidirayotganini ko’rsatadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG