Breaking News

Falastinliklar epidemiya kuchayishidan xavotirda


G'azo shahri

Falastinning G’azo Sektorini boshqarayotgan XAMAS hukumati Misr bilan chegarada dala kasalxonasi va ikkita yirik karantin markazini qurmoqda. G’azo Sog’liqni saqlash vazirligi rasmiylari epidemiya kuchayishidan xavotirda.

“Men sog’liqni saqlash bo’yicha mutaxassisman va hozirgi vaziyat meni qo’rqityapti. Koronavirusdan oldin G’azo salkam 13 yil qamalda bo’lgan. Sog‘liqni saqlash tizimimiz ungacha ham ancha zaif edi. Tibbiy uskuna, yotoqlar yetishmaydi. Muammolar talaygina. Koronavirus sabab tizimga bosim kuchayadi. Tashqi yordamsiz hamma narsa vayron bo’ladi”, - deydi vazirlik rasmiysi Medhat Abbos.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ham bundan xavotirda.

“G’azoda aholi zich yashaydi. Bu virus tarqalishini tezlashtiradigan omil. Sog’liqni saqlash tizimi ham zo’r emas. Tibbiyot, mutaxassislar, tibbiy anjomlar – hamma narsada kamomad bor”, - deydi tashkilotning Falastin hududlari bo’yicha mas’ul rasmiysi Jerald Rokenshob.

XAMAS hukumati G’azo ko’chalari va bozorlarini dezinfeksiyalab, “Islomiy Jihod” jangari guruhi a’zolarini ham ishga soldi.

G’azoda masjidlar yopilgan, ijtimoiy tadbirlar cheklangan.

“Aholining haddan ziyod ko’pligi virus tarqalishi uchun qulay muhitdir. Odamlar uydan chiqmagani yaxshi. G’azoda komendant soati joriy etish zarur”, - deydi doktor Abbos.

G’arbiy Sohilni boshqarayotgan Falastin Muxtoriyati hududda 30 kunlik favqulodda holat e’lon qilgan. Shu onga qadar Falastin hududlarida 119 kishida virus borligi aniqlangan. Muxtoriyat hukumati aholiga dori-darmon, oziq-ovqat tarqatmoqda, Isroil ham yordam bermoqda.

“Isroil Falastin Muxtoriyatiga yuzlab tibbiy yordam qutilarini yetkazgan. Isroil va Falastin tibbiy xizmatchilari uchun qo’shma mashg’ulotlar va seminarlar o’tkazilib, virus va unga qarshi choralar haqida ma’lumot berilmoqda”, - deydi Isroil hukumatining Falastin hududlari bo’yicha muvofiqlashtiruvchisi Yotam Shefer.

Isroil va Falastin ko’p masalalarda chiqisha olmasa-da, koronavirusga kelganda kasallik chegara yoki odam tanlamasligini yaxshi anglab yetishmoqda va kasallik tarqalishining oldini olishda hamkorlik qilishmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG