Breaking News

Psixologlar insonning pandemiya davridagi xulqini o'rganmoqda


Dunyo bo’ylab koronavirusga uchrayotgan odamlar soni oshishda davom etarkan, ayrimlar ijtimoiy masofani saqlash va niqob taqish qoidalarini pisand qilmayapti. Ba’zilar esa koronavirusni afsona deb aytadi.

Nyu-York universitetida psixologiya bo’yicha professor Jey van Beyvel bunday holatni COVID-dissidentlik deb ataydi va mazkur xulqni tushuntirishga harakat qiladi.

Pandemiya paytida ko’plab yangi so’zlar va atamalar muomalaga kirdi, inson xulqi va odatlari o’zgardi, biroq hamma ham yangi qoidalarga amal qilish niyatida emas.

Ba’zilar buni ataylab qilayotgan bo’lsa, boshqalar virusdan taralayotgan tahdidni yaxshi tushunmaganidan o’zini shunday tutyapti, deydi professor.

“Kollektivizmning individualizmga qarshi kurashiga guvoh bo’lyapmiz. Individualizm AQSh, Britaniya yoki Kanada kabi mamlakatlarga xos holatdir. Fuqarolari uchun o’zini ifoda etish, omma orasida ajralib turish muhim, demak mana shu mamlakatlarda qoidalarni buzish ehtimoli yuqori. Sharqiy osiyoliklarga esa kollektivizm xosroqdir. Har bir harakatga omma manfaatidan kelib chiqib qo’l urishadi”, - deydi olim.

Biroq kollektivizm kuchliroq aks etgan Rossiyada ham ko’chada ko’p odam niqobda yurganini ko’rmaysiz.

Shu bilan birga, karantin qoidalariga eng katta qarshilik AQShda ekanini ko’rsa bo’ladi. Odamlar bunday qoidalarni o’z erkinliklariga to’siq deb biladi.

“Masalaning siyosiy tomoniga ham e’tibor berish kerak. Qo’shma Shtatlar va yana ba’zi bir mamlakatlardagi jamiyatlarda siyosiy qutblashishga guvohmiz. Agar sizda davlat rahbariga ishonch bo’lmasa va ustiga-ustak, rahbar raqib siyosiy partiya vakili bo’lsa, qoidalarni pisand qilmaslik ehtimoli sizda yuqoriroq bo’ladi”, - deydi professor van Beyvel.

Uning aytishicha, bolalikdan singdirilayotgan ayrim odatlardan voz kechish oson emas. Qo’l bermay salomlashishga hali ancha ko’nikish kerak bo’ladi, deydi professor.

Inson xulqining pandemiya ta’sirida o’zgarishi olimlar tomonidan endi-endi o’rganilmoqda va bu boradagi izlanishlar natijasi hali beri ma’lum bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG