Breaking News

Pandemiya dunyo bo'ylab insonlar turmushini qaqshatdi


Koronavirus pandemiyasi dunyo bo’ylab millionlab odamlarni ishsiz qoldirmoqda.

Argentinalik Rozmeri Karabaxal turmush o’rtog’i bilan ko’chada savdo qiladi. Karantin yumshatilmasa, turmushimiz barbod bo’ladi, deydi u.

Argentina iqtisodiy tanazzulga yuz tutarkan, 44 million aholining uchdan biri qashshoqlikda hayot kechiradi. Iqtisodiyot pandemiyadan oldin ham yaxshi bo’lmagan.

Shu hafta poytaxt Buenos-Ayresda odamlar to’planib, mart o’rtalarida joriy etilgan karantinni bekor qilishga chaqirdi.

“Mamlakatda har yili minglab odam turli xil yuqumli kasalliklardan o’ladi. Ishga qaytmasak bo’lmaydi, bu bizning huquqimiz”, - deydi namoyishchilardan biri.

Indoneziya poytaxti Jakartada ham vaziyat yaxshi emas. Oshpaz va taksichi Budi Santosa ishsiz, pulsiz uyda o’tiribdi.

“Bolalarimni boqa olmayapman. Hukumat yordam berar degan umiddaman”, - deydi u.

Bu mamlakatda pandemiya sabab salkam ikki million odam ishsiz qolgan.

Dunyoning qashshoq mamlakatlaridan hisoblangan Nayrobida ahvol yanada ayanchli. Besh bolaning 33 yashar onasi Judit Andeka ikki yil oldin eridan ayrilib, oilani har kuni kiyim-kechak yuvishdan tushgan 5 dollar hisobiga tebratadi. Hozir buyurtma yo’q.

"Hayot ancha qiyinlashdi. Oldin boshqa ayollarning ishlarini qilib, kun kechirardik, ammo hozir hamma uyda o’tirgani uchun ishini o’zi qilyapti”, - deydi u.

AQShdek badavlat mamlakatda ham aholining bir qismi og’ir ahvolda.

Sonya Bautista va Uilyam Gonsales mehmonxonada ishlardi, ammo hozir otellar yopiq. Hukumat ishsizlik bo’yicha nafaqa to’lamoqda, biroq oilaga yetmayapti.

"Uy egasi hadeb qo’ng’iroq qilib, ijara haqqini talab qiladi. Tibbiy sug’urtamiz ham yo’q endi”, - deydi Gonsales.

AQShda 39 million odam ishsizlik uchun nafaqaga murojaat qilgan. Bu raqam o’sishda davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG