Breaking News

"Pandora hujjatlari" ayrim davlat rahbarlari pulni o'zlashtirganiga ishora qiladi


Dunyo rahbarlari, siyosatchilar, pop yulduzlari – omma ko’ziga ko’ringan minglab odamga tegishli boyliklar haqidagi salkam 12 million hujjat bir necha huquqiy kompaniya tarmoqlaridan o’g’irlanib, jamoatchilikka oshkor etildi.

Xalqaro hayot – 5-oktabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:20 0:00

“Pandora hujjatlari” nomini olgan oshkorlik, masalan, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va oilasining yashirilgan boyliklariga ishora qiladi.

Hujjatlarga ko’ra, Aliyev oilasi va unga aloqador shaxslar so’nggi 15 yilda Britaniyada jami 544 million dollarga teng mulk savdosi bilan shug’ullangan.

“Oila 1993-yilda hokimiyatni qo’lga olganidan beri mamlakatning muhim sanoatlari va tabiiy boyliklarini nazoratga olib, ulkan boylik g’amlagan. Bundan oddiy xalq jabr ko’rmoqda. Bu rahbarlar fuqarolari bilan baham ko’rilishi kerak bo’lgan resurslarni o’zlashtirmoqda”, - deydi korrupsiya holatlarini oshkor qiluvchi “Transparency International” tashkiloti vakili Reychel Deyvis Teka.

“Pandora hujjatlari” Iordaniya qiroli Abdullaning AQSh va Britaniyada qiymati 100 million dollardan oshiq bo’lgan mulklarini ham oshkor etgan. Qirol boyliklarni yashirmoqchi bo’lganini inkor etdi.

"Birovdan yashiradigan narsam yo’q. Iordaniyani birinchi marta nishonga olishayotgani yo’q. Biz bundan kuchlimiz”, - dedi u.

Pokistonlik vazirlar va oilalari, Bosh vazir Imron Xonga yaqin bo’lgan odamlarning ismlari ham oshkor etilgan hujjatlarda kelib chiqqan. Ularning ofshor hisob raqamlarida bir necha million dollar pullarining borligi aytilarkan, Imron Xon ismlari bitilgan shaxslar tergov qilinishini aytdi.

“Pandora hujjatlari”ga ko’ra, Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish anonim ofshor kompaniyalar orqali Fransiyada 22 million dollarlik mulk sotib olgan. Babish shu hafta bo’ladigan saylovlarda qatnashadi. Yakshanba kungi teledebatda u o’zini himoya qildi.

“Pul Chexiyadagi bankdan jo’natilgan. Undan soliq to’langan. Pul meniki va Chexiya Respublikasiga qaytdi”, - dedi u.

“Pandora hujjatlari”da aytilishicha, Keniya Prezidenti Uxuru Keniyatta va oilasining olti a’zosi o’ndan ortiq ofshor kompaniyalarga ega, biroq oilaning davlat mulki va mablag’larini o’g’irlaganiga doir dalillar keltirilmagan.

Ofshor kompaniyalar bilan ishlash qonunga xilof emas. London shahri va Britaniyaning Virgin orollarida pullarning haqiqiy egasi kimligini yashirishga imkon beruvchi ko’plab huquqiy tarmoqlar qonuniy faoliyat yuritadi.

“Kompaniyani shu hududlarda ochib, ro’yxatdan o’tkazsa, u orqali mulkni anonim ravishda xarid qilsa bo’ladi. Afsuski, siyosiy arboblarga bu xizmatlarni ko’rsatishda, poraxo’r va jinoiy shaxslarga pulni yuvish, yashirish va boshqarishda hisobchilar, advokatlar, ko’chmas mulk agentlari jonbozlik ko’rsatmoqda”, - deydi Teka.

“Pandora hujjatlari”da Britaniyaning Konservatorlar partiyasiga xayriya qilgan donorlarning da’vo qilinayotgan korrupsiya holatlariga aloqadorligi oshkor etilgach, partiyaga tanqidlar yog’ila boshladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG