Arab-Isroil ixtilofini hal qilishga yana bir urinish

  • Amerika Ovozi

France Mideast Peace

Fransiya Isroil va Falastin tinchlik muzokaralarini jonlantirishga qaratilgan yirik xalqaro anjumanga mezbonlik qildi. Bir-birini tan olgan ikki davlat bo'lishi lozim, degan g'oyani unda qatnashgan 70 dan ziyod hukumatlar qo'llab-quvvatladi.

"Kollektiv majburiyatimiz - ikkala tomonni muzokaraga ko'ndirish. Bu qiyin, lekin boshqa yo'l yo'q", - dedi Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Mark Ero konferensiyaning ochilish marosimida.

Isroil va Falastin vakillari unga taklif etilmagan. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu nazarida, Parij uchrashuvidan xolis qarorlar kutish qiyin.

Yahudiy posyolkalari
Yahudiy posyolkalari

Dekabrda BMT Xavfsizlik Kengashi Isroilning bosib olingan hududlarda uy-joy qurish siyosatini qoralab, rezolyutsiya qabul qilgan. Odatda ittifoqchisini bu kabi tanqidlardan himoya qiluvchi Qo'shma Shtatlar bu safar veto huquqidan foydalanmadi.

Obama ma'muriyatining bu qarori Isroil bilan munosabatlarni yanada sovutdi. Netanyaxuga ko'ra, rezolyutsiyani ovozdan o'tkazish jarayoniga Vashingtonning o'zi bosh-qosh bo'lgan. Yahudiy davlatining hozirgi siyosatidan norozi Oq uy bu da'volarni inkor etadi.

Parij anjumani bayonotiga ko'ra, Falastin mustaqillikka erishishi va Isroil bilan yonma-yon tinchlikda yashay olishi kerak. Bir tomonlama qadamlar tashlanmasligi lozim. Isroil esa Falastin bilan hech qanday shartsiz, yuzma-yuz muzokara qilish tarafdori va xalqaro hamjamiyat aralashuvini istamaydi.

Quddus tevaragi
Quddus tevaragi

Isroil Iordan daryosining g'arbiy sohili va Quddus sharqida qurilishlarni davom ettirayotgani muzokaraga yo'l bermaydi, deydi falastinliklar. Ular nazarida Isroil shu tariqa Falastin o'z davlati uchun mo'ljallab qo'ygan hududlarni birma-bir o'zlashtirmoqda.

Taxminan 600 ming aholiga ega yahudiy posyolkalarini dunyoning aksar mamlakatlari, jumladan Qo'shma Shtatlar, noqonuniy deb biladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG