Breaking News

AQShda sobiq vitse-prezident Mayk Pens prezidentlikka nomzodini e'lon qildi


AQSh sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens
AQSh sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens

AQShda yana bir necha odam Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka o’z nomzodini e’lon qildi. Ular orasida sobiq vitse-prezident Mayk Pens ham bor.

Xalqaro hayot - 8-iyun, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:05 0:00

7-iyun – tug’ilgan kunida poygaga qo’shilishini e’lon qilgan 64 yoshli sobiq vitse-prezident to’rt yil Tramp soyasida yurib, endi sobiq boshlig’iga hujum qilmoqda.

"O’zini Konstitutsiyadan ustun deb bilgan birorta odam hech qachon AQSh prezidenti bo’lmasligi kerak. Boshqalardan uni Konstitutsiyadan ustun qo’yishni so’ragan birorta odam prezidentlikka qayta saylanmasligi kerak”, - dedi Mayk Pens.

2021-yil 6-yanvarida Kapitoliy oldida namoyish qilgan Tramp tarafdorlari ichkariga kirganida “Mayk Pensni dorga osing” deya xitob qilgan. Ular vitse-prezidentning Jo Baydenni 2020-yil saylovining g’olibi deb e’lon qilish jarayoniga aralashmaganidan norozi edi.

Bayden o’shanda saylovchilar kollegiyasining 306 ta, Tramp esa 232 ta ovozini olgan.

Iqtisodiyot va tashqi siyosatga kelganda Mayk Pens respublikachilarning an’anaviy qarashlariga sodiq, partiyaning asosiy elektorati kabi u oq tanli injilchi nasroniy. Pens abort kabi ijtimoiy masalalarda o’zini respublikachi nomzodlarning eng konservativ vakili sifatida ko’rsatishga harakat qilmoqda.

“Amerika tarixida abortga qarshi eng ko’p harakat qilgan ma’muriyatga bosh bo’lgan Donald Tramp va boshqalar endi bu masaladan chekinmoqda”, - deydi Pens.

Ijtimoiy so’rovlarda Pens 5 foiz olgan. Hatto Trampdan keyin turgan Florida gubernatori Ron Desantisdan ancha ortda. Jorj Meyson universitetida siyosiy fanlar bo’yicha professor Jeremi Meyer buning sababini tushuntiradi.

“Vitse-prezidentlik Pensni o’zidan oldingi vitse-prezidentlardan ancha kichraytirdi. Prezident Donald Tramp atrofidagilardan haddan tashqari sodiqlikni talab qiladi, hatto laganbardorlik darajasigacha”, - deydi olim.

AQSh tarixida faqat ikkita sobiq vitse-prezident saylov orqali Oq uyga qaytib kirishga muvaffaq bo’lgan. Respublikachi Richard Nikson bunga 1968-yilda erishgan. Ikkinchisi esa Jo Bayden. Barak Obamaning o’rinbosari bo’lgan Bayden uch yil oldin Trampni mag’lub etdi. Shunda Pens ham Oq uyni tark etishga majbur bo’lgan.

“Tramp partiyani o’zgartirdi. Uning o’rnini egallamoqchi bo’lgan odamlar bor. Masalan, Ron Desantis. U populizmga berilyapti, madaniy urushlarga kirishyapti. Mayk Pens esa buni mazmun jihatdan uddalay oladi, xolos. Ya’ni madaniy urushlar siyosati haqida gapira oladi, ammo populist ohangni uddalay olmaydi. Bunday qila olishini hozirgacha ko’rmadik. Respublikachilar partiyasiga esa Trampdan keyin aynan shunday odam kerak”, - deydi Jeremi Meyer.

Kelasi yili bo’ladigan partiyaviy saylovlar natijasi qanday bo’lishidan qat’i nazar, Pens poygada sobiq rahbari va sherigiga qarshi kurashishga qaror qilgan ikki sobiq vitse-prezidentdan biri sifatida tarixga kiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG