Vashington Bolqon davlatlarini qo'llab-quvvatlashda davom etadimi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens

AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens Boltiqbo’yida bo’lib, mintaqa davlatlari rahbarlari bilan uchrashdi. NATOga a’zo uch mamlakat - Litva, Latviya va Estoniya AQShning yaqin ittifoqchilari.

Davlat kotibi muovini Xoyt Brayan Yining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Bolqonda ham faol, Rossiyaning bu ikki mintaqaga solayotgan tahdidi jiddiy qabul qilinmoqda. Biroq Davlat departamenti byudjeti qisqarishi kutilarkan, ba’zilar nazarida AQShning u yerdagi roli susayishi mumkin.

AQShga ko'ra, o'tgan yil oktabr oyida Chernogoriyada bosh vazirni hokimiyatdan ag'darishga qaratilgan davlat to'ntarishiga harakat ortida Rossiya turibdi. Vashington Rossiyani Bolqon mamlakatlari manfaatlariga tahdid deb biladi va ularni himoya qilishga shay.

“Mintaqadagi boshqa davlatlar ehtiyot bo'lishi, Rossiyaga ko'z-quloq bo'lishi kerak. Biz vaziyatni yaqindan kuzatyapmiz", - dedi davlat kotibi muovini Xoyt Brayan Yi.

Vitse-prezident Mayk Pens so'nggi paytlarda Bolqon masalasi bilan faol shug'ullanmoqda. O'tgan hafta u Vashingtonda Serbiyaning yangi saylangan Prezidenti Aleksandr Vuchich bilan uchrashdi.

“Oldingi prezidentlar ham shunday qilgan. Bolqon bilan shug'ullanish vitse-prezidentlar zimmasiga yuklangan. Ammo diqqatimizni yetarlicha qaratolmasak kerak", - deydi vashingtonlik tahlilchi Daniyel Server.

Rossiya Bolqon davlatlarining Yevroatlantik tashkilotlari bilan yaqinlashuvini istamaydi. Xoyt Yining aytishicha, Bolqonning Yevropa Ittifoqi va NATOga yaqinlashuvi AQSh manfaatlariga javob beradi.

“Shuning uchun ham AQShning mintaqadagi siyosati har bir ma'muriyat davrida - xoh demokrat bo'lsin, xoh respublikachi - bir xil bo'lgan", - deydi AQSh davlat kotibi muovini.

Uning aytishicha, agar Bolqon davlatlari islohotlar va korrupsiyaga qarshi kurashni chuqurlashtirsa, tashqi aralashuv va bosimga qarshiligi ortadi. AQSh yordami esa, deydi Xoyt Yi, ichki va tashqi muammolar bilan hanuz yuzlashayotgan mintaqa uchun katta ko'mak bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG