Breaking News

Osiyoliklar bugun AQShda eng katta muhojir jamoa


Amerikada osiyolik muhojirlar oqimi kuchaygan. “Pyu” tadqiqot markazi e’lon qilgan hisobotga ko'ra, ular eng ko’p daromad topadigan, yaxshi ta’lim olgan va eng tez o’sayotgan jamoa.

Hisobot mualliflaridan biri Keri Fankning aytishicha, AQShga kelishga undayotgan omillar ko'p, jumladan ishlash va ta’lim olish imkoniyatlari.

“Umuman olganda, sabablar turlicha. Ko'pincha oila a’zolari bilan birlashish uchun kelishadi. Ish, ta’lim va oila birdek muhim ekanini ko’ramiz”, - deydi u.

Osiyolik amerikaliklar 1965-yilda aholining 1 foizini tashkil etgan bo’lsa, bugun ular soni 5,8 foizga yetgan.

“Ushbu o’sishga hissa qo’shgan sabablardan biri bu 1965-yil immigratsiya siyosatida yuz bergan o’zgarishlardir. Islohot dunyoning barcha davlatlaridan immigrantlar oqimini ko’paytirdi. AQShda voyaga yetgan osiyoliklarning 74 foizi xorijda tug’ilgan. Albatta, turli guruhlar orasida farqlar bor. Deylik, yapon-amerikaliklarning katta qismi AQShda tug’ilgani kuzatilsa, qolgan besh guruhda katta yoshdagilarning aksariyati xorijda tug’ilgani aniqlandi”, - deydi tadqiqotchi Keri Fank.

AQShga, asosan, Uzoq Sharq, janubi-sharqiy Osiyo va Hind subkontinenti o’lkalaridan kelishadi. So’nggi yillarda latinolar, lotin amerikalik muhojirlar soni, aksincha, kamayib ketgan.


2010-yilda Osiyo o'lkalaridan AQShga jami 430 ming kishi ko'chib kelgan, ya'ni ular shu yilgi jami immigrantlarning 36 foizini tashkil etgan. Lotin Amerikasidan AQShga kelganlar esa 370 ming bo’lib, ular soni jami muhojirlarning 31 foiziga to’g’ri keladi.

“Pyu” tadqiqot markazi ma’lumotiga ko’ra, osiyolik immigrantlar orasida AQShga noqonuniy kelganlar ozchilikni tashkil etadi - 15 foiz. Ispan tilida so’zlashuvchi muhojirlarning esa 45 foizi hujjatsiz.

3500 kishi ishtirokida o’tkazilgan so’rov natijalariga ko’ra, osiyoliklar oila, ota-ona bo’lish, ish va karyeraga jiddiy ahamiyat berishadi.

AQShga ko'chib kelgan har 10 nafar osiyolik muhojirning oltitasi kamida bakalavr darajasiga ega. Shu bois ular eng bilimli va malakali kadrlar sifatida ajralib turishadi.

AQShda aholining 30 foizi bakalavr darajasiga ega bo‘lgan bir paytda, osiyoliklarning yarmidan ko’pi oliy ma’lumotli. Yillik daromadi ham o’rtacha amerikalikning topish-tutishidan yaxshiroq ekani aniqlangan. Bir amerikalikning o‘rtacha yillik daromadi 49 ming dollar bo‘lsa, Osiyodan kelgan muhojirlarning bir yilda topadigan mablag’i 66 ming dollardan oshadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG