Breaking News

AQSh bo'ylab ta'lim maskanlari koronavirus sabab yopilmoqda


Pitsburg, Pennsilvaniya shtati
Pitsburg, Pennsilvaniya shtati

Qo'shma Shtatlar bo'ylab maktablar va oliy ta'lim dargohlari yopilmoqda. Ayrim ilm maskanlari onlayn tizimga o'tgan, ya'ni o'quvchi va talabalar uyidan turib, bilim oladi. Koronavirus sabab, xususan, Pensilvaniya shtatining Pitsburg shahridagi barcha maktablarda favqulodda taʼtil boshlangan.

Shahar mavzelaridagi maktablar boshqarmalari tomonidan tarqatilgan bildiruvga koʻra, favqulodda taʼtil mamlakat boʻylab izchil tarqalib borayotgan koronavirus yoki COVID-19 pandemiyasiga qarshi preventiv chora oʻlaroq joriy etiladi.

Maʼlum qilinishicha, preventiv chora kelayotgan haftaning dushanba kunidan rasman kuchga kiradi va maktablar joriy oyning oxiri ayrimlari esa 14-aprelga qadar taʼtilda boʻladi.

“COVID-19 pandemiyasiga oid mavjud maʼlumotlarni hisobga olgan holda hamda mavzuga oid vaziyatni jiddiy tahlilidan soʻng 16-martdan eʼtiboran preventiv chora oʻlaroq barcha maktablar yopilishini maʼlum qilamiz. Biz maktablarimizni 14-aprelda (ayrim maktablar 27-, 30-martda) qayta ochishni rejaladik. Bu qaror ehtiyot chorasi sifatida, virus tarqalishining oldini olish hamda oʻquvchilar va maktab xodimlarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida qabul qilingan. Ayni damda biz nafaqat oʻz o'quvchilarimiz va xodimlarimiz, balki ularning oilalari oldida ham maʼlum majburiyatlarga egaligimizni unutmadik. Kutilmaganda joriy qilingan taʼtil ayrimlaringizning ish faoliyatingizga naqadar taʼsir qilishini ham anglab turibmiz va buning uchun sizlardan uzr soʻraymiz”, deyiladi maktablar mulozimlarining favqulodda taʼtilga oid bildiruvida.

Eslatib oʻtish joiz, bir kun muqaddam Pitsburgdagi ayrim maktablar ikki kun muddatga yopilishi va bu muddat ichida maktablarda sanitariya tozalash ishlari oʻtkazilishi aytilgan edi. Mazkur choralar bu maktablardagi ayrim oʻquvchilarning Pensilvaniya shtatidan tashqariga chiqib kelgani va ular kelgan shtatlar bugun koronavirusning yuqishi holati aniqlangan shtatlardan ekanligi tufayli joriy qilingan edi. Keyinchalik tibbiyot xodimlari oʻzga shtatlarga borib kelgan oʻquvchilar va ularning oila aʼzolari tibbiy koʻrikdan oʻtgani va ularda koronavirus alomatlari aniqlanmaganini maʼlum qildi.

Pitsburgdagi maktablarning yopilishi haqidagi qaror shahardagi yirik universitetlar yopilishi qarori bilan bir vaqtga toʻgʻri kelmoqda. Maʼlumki shahardagi universitetlarning barchasi 16-martdan yopilishi va taʼlim jarayoni onlayn usulda olib borilishini maʼlum qilgan edi. Ayni choralar ham koronavirus kasalligining izchil tarqalib borayotgani sabab joriy etilgan.

Garchi Pitsburg shahrida hali koronavirusga oid biror holat aniqlanmagan boʻlsa-da, Pensilvaniya gubernatori Tom Vulf (Tom Wolf) maxsus matbuot anjumani oʻtkazib, kelasi 14 kun davomida shtat bo`ylab o`tkazilishi kutilayotgan har qanday tadbirlarni - agar ulardagi qatnashchilar soni 250 kishiga yetsa yoki ortsa, o'tkazmaslikka chaqirdi. Gubernator oʻz chiqishida barcha tashkilotlar va muassasalar rahbarlari va madaniy tadbirlar uchun javobgar idoralar rahbarlarini ayni chaqiriqqa jiddiy rioya etishi lozimligini ta`kidladi.

Shahar maʼmurlari har yili keng nishonlanuvchi Avliyo Patrik kuni paradini bekor qildi, shu bilan birga bahorgi marafonni oʻtkazish yoki oʻtkazmaslik masalasi ham jiddiy muhokama qilinayotgani aytilmoqda. Koronavirusga oid holat hozircha Pensilvaniyaning sharqiy qismida qayd etilgan xolos, rasmiy maʼlumotlarga koʻra, virus hozirga qadar 33 kishida aniqlangan. Shahar maʼmurlarining qayd etishicha, parad garchi bekor qilinsa-da, odamlar uchun odatiy boʻlgan kafe va barlarda bayram qilishga hech qanday toʻsqinlik bo'lmaydi, ammo ayrim hollarda odamlar sonining koʻpayib ketmasligi choralari koʻrilishi mumkin.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG