Breaking News

Politsiyachilar kiyimiga kamera taqish fuqaro erkinliklariga zidmi?


Kamera taqib yurgan politsiyachilar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:24 0:00

Kamera taqib yurgan politsiyachilar

Amerikada politsiyachilar zo'ravonligi oqibatida ro'y bergan qator noxush voqealar ketidan posbonlarning kiyimiga kamera o'rnatish chaqiriqlari yangrab, ba'zi boshqarmalarda bu amaliyot joriy etilmoqda. Biroq ayrimlar nazarida kameralar fuqaro erkinliklari va politsiyachilarning shaxsiy daxlsizligiga ziddir.

Janubiy Karolinada politsiya qurolsiz odamni o'ldirganini yoki Baltimorda politsiya zo'ravonligiga qarshi namoyishlarni telefon kamerasiga tushirib, internetda muhokama qilishmoqda. Bugun politsiya faoliyati har qachongidan nazorat ostida.

May oyida Obama ma'muriyati 10 dan ziyod politsiya boshqarmasiga 20 million dollarlik grant va'da qildi. Bu pulga tan kameralari sotib olinadi.

Mutaxassislarning "Amerika Ovozi" va Vashingtondagi axborot muzeyi tashabbusi bilan uyushtirilgan davra suhbatida aytishicha, bunday kameralar ko'plab huquqiy savollar tug'diradi.

Arizona shtati Tuson shahar politsiya boshqarmasida ishlovchi ming politsiyachidan ba'zilarining kiyimiga kameralar o'rnatilgan.

Boshqarma rahbari Roberto Villasenor o'zining xavotirlari bilan o'rtoqlashdi:

"Ba'zida vaziyat shu qadar tez o'zgaradiki, politsiyachi kamerani yoqishga ulgurmasligi mumkin. "Unda kamera doim ishlab tursin" deydiganlar ham bor, albatta, biroq ovqat yeyish, hojatxonaga borishdek shaxsiy narsalar bor. Bunday vaziyatlarda nima qilamiz?"

Huquqshunoslar fuqarolarning shaxsiy daxlsizligi ham buzilishi mumkin, deydi.

Jonatan Smit Vashington shahar universitetidagi yuridik fakultet dekani:

"Politsiyachilar jinziy tajovuz yoki uyda zo'ravonlik yuz bergan paytda kamerani osib birovning uyiga kirsa, ularning ahvoli nima bo'ladi? Ular kam daromadli oila bo'lsa, kamera ularning shaxsini oshkor etsa, ota-onalik huquqidan mahrum etilishi mumkinmi yoki davlatdan olayotgan yordami to'xtab qolishi mumkinmi? Kameraga tushirilgan bu tasvirlarni birov qo'lga kiritib, internetda tarqatib yuborsachi - buning oldini olish mumkinmi?"

Sud paytida videodan dalil sifatida foydalanish - masalaning yana bir tomoni.

Kapitoliy politsiyasi sobiq boshlig'i Terrans Geyner:

"Masalan, biror murakkab vaziyat bilan yuzlashgandan so'ng boshqarmaga borib bu haqda hisobot tayyorlasangiz, hisobotingizning mazmuni tushirilgan video tasvirlarga to'g'ri kelmasa. Bu adliya tizimini boshdan oyoq o'zgartirib yuborishi mumkin, chunki men sudga bergan dalillar va ko'rsatmalar videoda bo'lmasa, xavfli vaziyat yuzaga keladi ".

Mutaxassislar yangi texnologiyadan foydalanishda huquq-tartibot organlari va matbuot xatoga yo'l qo'ymasligi, to'g'ri ishlashi zarur, deydi, aks holda bu jamoatchilikning g'azabi va ishonchsizligiga olib kelishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG